O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI
2024-03-27 09:45:00 / Yangiliklar
Istiqbolli va iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish, mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish hamda futbol maktablari va futbol akademiyalariga iqtidorli futbolchilarni saralab olishni (seleksiya) yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 noyabrdagi «Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-355-son qarori bilan:
har bir hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, shuningdek, mavjud futbol infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish bo‘yicha alohida o‘rinbosari lavozimi joriy etilganligi;
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha darajadagi futbol-ta’lim muassasalari, shuningdek Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablaridagi mavjud futbol seksiyalari trenerlariga umumiy uslubiy rahbarlikni amalga oshirishi belgilanganligi;
b) mahallalarda 16 — 30 yosh toifasidagi yoshlar (o‘g‘il va qizlar) o‘rtasida 2021 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda futbol va mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi o‘rinlarda — DXX) kubogi musobaqalari keng qamrovda o‘tkazib kelinayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Futbolni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni eng quyi tizimgacha tushirish hamda mahallalardan boshlab iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya) tizimini yaratish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
mahalla yoshlarini ommaviy va professional futbolga qiziqtirish, shuningdek, bu borada turli targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etish;
mahallalarda mavjud bo‘lgan futbol bo‘yicha sport inshootlari hamda boshqa sport maydonchalaridan tizimli va samarali foydalanilishini tashkil etish;
mahallada futbol bo‘yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari kesimidagi «mahalla terma jamoa»larini shakllantirish hamda ularni tayyorlashni tashkil etish;
mahalla yoshlarining futbol bilan shug‘ullanishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganligini tahlil qilib borish hamda futbolni rivojlantirish bo‘yicha sport-ta’lim tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish;
mahallalardagi yosh iqtidorli futbolchilarni aniqlash hamda ularni professional futbol ta’lim muassasalariga yo‘naltirib borish;
mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish, sport inventarlari bilan ta’minlash va mahalla terma jamoalariga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
mahalladagi yoshlar yetakchisining hududlarda futbol sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yoshlar ishlari boshqarmalari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari, sport maktablaridagi futbol bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari;
mahalladagi yoshlar yetakchisining futbol sohasidagi faoliyatiga tizimli ravishda amaliy yordam ko‘rsatish — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari, sport maktablaridagi futbolni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, futbol murabbiylari va joylardagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Sport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida Davlat budjeti hisobidan mahallalarda namunaviy tipdagi sport inshootlarini barpo etishda jamoaviy sport turlariga ustunlik berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Sport vazirligi (A. Ikramov) ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 iyuldagi PQ-245-son qarori bilan tasdiqlangan «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahallalarda universal, stritbol va vorkaut sport maydonchalarini 2030 yilga qadar tashkil qilishning umumiy parametrlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritsin.
5. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov) Sport vazirligi (A. Ikramov), O‘zbekiston mahallalari uyushmasi (Q. Quranboev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
har yili 1 yanvarga qadar mahallalarda o‘tkaziladigan futbol musobaqalari, chempionat va turnirlarning alohida yillik kalendar rejasini tasdiqlab borsin;
mahalla terma jamoalarining 12 — 15 yosh toifalari o‘rtasida ikki bosqichli «Mahalla ligasi» va 16 — 30 yosh toifalari o‘rtasida uch bosqichli DXX kubogi musobaqalarini o‘tkazish tizimini yo‘lga qo‘ysin;
bir oy muddatda futbol musobaqalarining yillik kalendar rejasiga muvofiq musobaqalarni o‘tkazish va g‘olib bo‘lgan mahalla jamoalarini rag‘batlantirish tartibini ishlab chiqsin;
2024/2025 o‘quv yiliga qadar «Mahalla ligasi» musobaqalarida o‘z iqtidorini namoyon etgan eng iqtidorli futbolchi yoshlarni saralab olish (seleksiya) orqali hududiy futbol va sport maktablari hamda futbol akademiyalariga yo‘naltirib borish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
6. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (A. Azizov) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova) bilan birgalikda 2024 yildan boshlab Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida 8 — 11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafar maktab futbol yetakchisini tanlab olish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
Belgilab qo‘yilsinki, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida bo‘ladigan musobaqalarda maktab futbol yetakchilari o‘zlari tahsil olayotgan umumiy o‘rta ta’lim muassasaning ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalarda sport maktabi direktorining futbolni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosariga ko‘maklashadi.
7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsin.
8. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi A.A. Azizov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent sh.,
2024-yil 20-mart,
PQ-136-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.03.2024 y., 07/24/136/0234-son)