2023-yilda respublikamizda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?
2024-02-28 18:25:00 / Yangiliklar
![2023-yilda respublikamizda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Ff4ddd64c-524a-716f-719f-f320f2f66a58_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
IIV ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 82,7 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 7 563 nafar shaxs ushlangan, bedarak yo‘qolgan 450 nafar shaxs topilgan. Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanib sodir etilgan 6 455 ta jinoyat aniqlangan.
Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada 2023-yil yakuni bo‘yicha mamlakatimizdagi 9 442 ta mahalladan 2 972 tasida yoki 31,5 foizida jinoyat sodir etilmagan. Jinoyatlar ko‘paygan 2 298 ta yoki 24,3 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilgan.
Bu borada IIV Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan yaqindan hamkorlik qilgani natijasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 6 634 nafar xotin-qiz ishga joylashtirilgan, qariyb 11 ming nafariga tibbiy, moddiy va ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilgan.
Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 40 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. Oilalar mustahkamligini saqlash maqsadida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 17 327 ta oila yarashgan, oilaviy muammolar va zo‘ravonlikka duch kelgan 1 450 nafar xotin-qiz Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.
Muhokamalar jarayonida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi yo‘nalishida muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi aytib o‘tildi.
Xususan, 2023-yilda mamlakatda 104 096 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 74 202 tasi yoki 71,3 foizi hisobot yilida sodir etilgan.
Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 289 tadan to‘g‘ri kelgan. Ushbu salbiy ko‘rsatkich Toshkent shahrida 735 tani, Toshkent viloyatida 415 tani, Sirdaryoda 378 tani, Farg‘onada 328 tani tashkil etgan.
Profilaktika inspektorlari faoliyatining sustligi oqibatida oldini olish imkoniyatlari mavjud bo‘lgan jinoyatlar hanuzgacha jami jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda.
Bu borada ham Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida salbiy ko‘rsatkichlar yuqoriligicha qolayotganligi tufayli, joriy yil 15-20-fevral kunlari Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh aynan Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida mazkur yo‘nalishda o‘rganishlar o‘tkazdi. O‘rganishlar davomida aniqlangan ko‘plab kamchiliklarni tezkor ravishda bartaraf etish yuzasidan zarur ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Shu bois Qo‘mita majlisida Toshkent shahri, Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlari boshqarmalari mas’ul rahbarlarining ham axborotlari tinglandi.
Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.
Jumladan, 2023-yil 12 oyida sodir etilgan 363 ta qotillikning 141 tasi yoki 38,8 foizi oila-turmush doirasidagi nizolar oqibatida kelib chiqqan.
Birgina misol, joriy yil 17-yanvar kuni Samarqand viloyatida yashovchi, 2014-yildan buyon ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro‘yxatda turuvchi, ruhiy kasal, 49 yoshli fuqaro uyida o‘zaro janjal oqibatida birga yashagan 2019 yildan buyon ruhiy kasalliklar kasalxonasida ro‘yxatda turuvchi 26 yoshli o‘g‘lini boshiga bolta bilan urib o‘ldirgan. Aynan shu kabi holatlar yaqin qarindoshlar o‘rtasida yuz berayotgan jinoyatlarni kamaytirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas aniq choralarni belgilash lozimligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, yoshlarning muammolarini bartaraf etishga lozim darajada e’tibor qaratilmaganligi oqibatida 2023-yilda yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida sodir etilgan jinoyatlar 2022 yilga nisbatan 5,3 foizga ortgan. Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, 12 mingga yaqin ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilganligi, joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari samarali hal etilmayotganini ko‘rsatdi.
Shu bilan birga, barchamizni tashvishga solishi lozim bo‘lgan yana bir muhim masala yo‘l-transport hodisalari soni kundan kunga ortayotganligidir.
Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli, 2023-yilda jami 16 mln dan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan, jumladan 13 mln dan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.
Oqibatda, 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga aholidan kelayotgan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati xodimlarning, ayniqsa, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining tarbiyasiz harakatlari, yo‘l harakati qatnashchilari bilan qo‘pol muomalasi ustidan e’tirozni aks ettirmoqda.
Shu bois Qo‘mita tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aholini noroziligiga sabab bo‘layotgan omillar, xususan avtomobil yo‘llarida o‘rnatilayotgan radarlar holati, ularni o‘rnatish me’yorlari, qonun va qonunosti hujjatlardagi tafovutlar batafsil o‘rganilishi rejalashtirilmoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan aholi o‘rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi. Bu borada tegishli tavsiyalar berildi.
Unga ko‘ra, bundan buyon mas’ul vazirlik, idora va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayniqsa, bandligi ta’minlanmagan yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, shuningdek, oilaviy munosabatlar tufayli sodir etilgan jinoyatlarning doimiy tahlilini yuritish orqali bunday holatlarning kelib chiqish sabablari va omillarini aniqlash hamda bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning aniq taklif va tavsiyalari aks etgan tegishli qarori qabul qilindi.