Samarqandlik yoshlarning taklif va tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2024-11-21 20:00:00 / Yangiliklar
Bugun Samarqand shahrida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Ochiq va samimiy o‘tgan uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bir qator dolzarb takliflar ilgari surildi. Bildirilgan har bir tashabbus Agentlik direktori tomonidan shaxsan nazoratga olinib, ayrim masalalar joyida hal qilindi.
Xususan, Samarqand shahridan Abdulaziz Suyarov yosh tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun biznes simulyatorlarini tashkil etish hamda USAIDning Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi bilan hamkorlikda ularning faoliyatini rivojlantirishga oid takliflar bildirdi.
Samarqand tumanidan Bobur Astanov esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga yo‘naltirilgan innovatsion g‘oyalarni ilgari surdi. U “Smart o‘rindiqlar” va “Smart bekat” loyihalari orqali yashil energiyani aholiga joriy qilish taklifini bildirdi. Ushbu tashabbuslar muloqot davomida e’tirof etilib, kelgusida qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘tgan yili “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida samarqandlik Abbosbek Agentlik direktoridan viloyatning eng iqtidorli yoshlarining ijodiy ishlari jamlangan “Uyg‘onish” nomli kitob to‘plamini chop etish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Ushbu uchrashuvda bildirilgan qo‘llab-quvvatlash natijasida uning tashabbusi amalga oshdi. Mazkur to‘plam 500 nusxada bepul chop etilib, bir nusxasi yoshlar yetakchisiga taqdim etildi.
Mazkur ochiq muloqot yoshlarning ijodiy tashabbuslarini rag‘batlantirish, innovatsion g‘oyalarni hayotga tatbiq etish va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim qadam bo‘ldi. Shu kabi uchrashuvlar kelgusida ham yoshlar bilan muloqotni mustahkamlashda davom ettiriladi.