Oramizdagi qahramonlar
2024-08-10 16:00:00 / Yangiliklar
![Oramizdagi qahramonlar](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fcf60cb93-cbf9-03a6-322b-3bfee53a8530_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Bugungi kunda mamlakatimizda volontyorlar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Ular tomonidan insonlarga yaxshilik qilish, muhtojlarga yordam ko‘rsatish, onkologiya va gematologiya kasalligiga chalingan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash kabi bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi hikoyamiz, Toshkent shahrida tashkil etilgan “Sen kuchlisan” volontyorlik loyihasi haqida.
Ushbu loyihasining asosiy maqsadi Onkologiya va gematologiya kasalligiga chalingan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda onkologiyaga chalingan bolalar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichini pasaytirishga, sog‘ayishni oshirishga erishishdan iboratdir.
“Sen kuchlisan” loyihasi 5 ta asosiy vazifani amalga oshiradi.
1. Bemor bolalar uchun animatorlar ishtirokida bayram tadbirlari o‘tkazish (har bir bolaga imkon qadar o‘zi istagan sovg‘asini olib berish bilan birga);
2. Bolalarning onalari uchun psixologik treninglar tashkil etish;
3. Motivatsion roliklar va ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda taqdim etish;
4. Bolalar chizgan rasmlarini jamlab, auksion tashkil etish va tushgan mablag‘lar orqali bemorlarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
5. Onkologiya va gematologiya sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni yoritish, aholi o‘rtasida bunday kasallik bo‘yicha tushunchalarni oshirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ishlar olib borish.
Xozirgi vaqtga qadar, “Sen kuchlisan” loyihasi doirasida joylarda 20 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi, 30.000.000 dan ortiq bo‘lgan pul mablag‘lariga bolalarning o‘zlari istagan o‘yinchoqlari olib berildi. Shahar onkologiyasi kasalxonasining bolalar bo‘limida bolalarga xos chiroyli atmosfera yaratilib, o‘yingoh bezaklar yordamida yasatib berildi. Natijada bolalar har hafta “Sen kuchlisan” jamoasini intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Tadbirlarda har bir bola faol qatnashishga harakat qiladi.Sababi har bir tadbirga kreativ yondashiladi. Bir tadbir-boshqa biriga o‘xshamaydi. Bolalarga o‘zlari istagan sovg‘alarini olib berish- ularda yuqori kayfiyatni ta’minlaydi;
Bemor bolalar kuchli bo‘lishlari kerak, ammo onalari ikki barobar kuchli bo‘lishlari talab etiladi. Bunda onalarning ruhiy holatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni nazarda tutgan holda onalar uchun maxsus treninglar tashkil etildi. So‘nggi marta Psixologik treningni 25.08.2023 kuni “Shahar bolalar onkologiyasi” kasalxonasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf farzandlari Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tib berdilar. Treningdan keyin onalar o‘zlarining kuchli ekanliklarini yana bir bor his etdilar, o‘zlarida irodani kuchaytirdilar.
Juda ko‘p hollarda bemor bolalarda psixologiya buzilishi kuzatiladi. Bunda bolajonlar (ayniqsa o‘smir yoshdagilar), davolash kurslarini keskin rad etishi, ovqatlanmay qo‘yib atrofdagilarga norozilik bildirishi, baqirish, yig‘lash, narsalarni uloqtirish va shu kabi holatlar ko‘p kuzatildi. Natijada “Sen kuchlisan loyihasi” vaziyatni o‘rganib tahlil qildi va o‘zining ilk motivatsion ko‘rsatuv va roligini tayyorladi. Ko‘rsatuvda bemor bolaning orzusi, uning tanlagan kasbida o‘zini sinab ko‘rishi imkoni beriladi. Ilk motivatsion ko‘rsatuv va rolikda samarqandlik 14 yoshli Athamjon ishtirok etdi. Athamjonda yuqoridagi muammolar kuzatilgan. Athamjon bilan suhbatimdan keyin uning uchuvchilik orzusi borligini bildim va “Uzairways” hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamkorligida Athamjonga uchuvchilar kiyimi sovg‘a qilindi va u samolyot bortida shturvalga taklif qilinib, uchuvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Atxamjon va “Uzairways” o‘rtasida kelajak shartnomasi tuzildi. Natijada Atxamjonning kelajakka umidi uyg‘ondi, davolanish kurslarini davom ettiradigan bo‘ldi.
Bolalar rasmlaridan auksion tashkil qilish g‘oyasi 28.07.2023-kuni kasalxonadagi tadbirda uyg‘ongan. Tadbirda bolalarga rasm chizdirdim va u yerdi 8 yoshli Muhammad Alining rasmini sotib oldim. Shunda Muhammad Alining xursand bo‘lib ketgani, tushgan pulga futbol butsasini sotib olishini eshitib o‘ylanib qoldim va g‘oya tug‘ildi. Bunday ishni keng qamrovda, har bir bemor bola ishtirokida qilish kerakligini o‘ylab qoldim va 21.08.2023-kuni “O‘zbekiston badiiy san’ati akademiyasi” zalida bolalar suratlari ishtirokida katta galereya tashkil qildim. Tadbirni tashkillashtirishda rassom, shoira Xurshida Namazbayeva va ilk marotaba tuzilgan “Sen kuchlisan” volontyorlardan tashkil topgan ko‘ngillilar guruhi yordam berdi. Tadbirda “Shahar bolalar onkologiyasi”, “Respublika bolalar onkogematologigi” va gematologiya qoshidagi “Mehrli maktab bolalari”, “Xospis” bolalari hamda uyida davolanuvchi bolalar ham, umumiy hisobda 50 nafardan ortiq bolalar 300 dan ortiq suratlar bilan qatnashishdi. Ushbu xayriya tadbiri uchun keng jamoatchilikka 500 dan ortiq taklifnomalar tarqatildi. Ammo afsuslanarlisi, sanoqli insonlargina ishtirok etdi va umumiy hisobda bor yo‘g‘i 8 mln so‘m xayriya mablag‘i to‘plandi va suratlar egalariga topshirildi.
Hatto rivojlangan mamlakatlarda ham onkologiyani yengish, bemorlarga yaxshi sharoitlar yaratish qiyin. Sababi onkologiyaga juda katta xarajatlar ketishidadir. Ammo O‘zbekistonda onkologiya sohasida juda kichik, oddiy bo‘lgan xatolar ko‘p uchramoqda. “Sen kuchlisan” loyihasi onkologiyadagi muammolarni o‘rganadi, tahlil qiladi va yuzaga chiqaradi. O‘rganishlar natijasida 20 nafar bolaga mo‘ljallangan “Shahar bolalar onkologiyasi” bo‘limi zamonaviy bino va ta’mirga muhtoj ekanligi, u yerdagi bolalar ta’limdan uzilib qolganliklari aniqlandi. Natijada “Sen kuchlisan” loyihasi “Yoshlar ishlar agentligi” tomonidan tashkil etilgan “loyihalarni moliyalashtirish” tanlovida “Shahar onkologiyasidagi” doimiy davolanuvchi 21 nafar bolaga, ta’limdan uzilib qolmasliklari uchun ularni noutbuklar bilan ta’minlash loyihasi bilan qatnashdim va tez orada ushbu loyihani himoya qilib, 21 nafar bola uchun noutbuklar yutamiz degan umiddamiz.
Aholi o‘rtasida, ota-onalar bilan olib borgan surishtiruvlarimizda 10 tadan
9 nafarida onkologiyani erta aniqlash haqida umuman tushuncha yo‘q. Shu sababdan ham har yili aniqlanadigan onkologiya bilan kasallangan 1000 dan ziyod bolaning 30 foizi juda kech holatlarda (3-4 darajada) aniqlanadi. “Sen kuchlisan” loyihasi vaziyatni o‘rgandi, onkolog shifokor va professorlar bilan suhbatlar olib bordi. Endi “Sen kuchlisan” loyihasi aholi orasida onkologiyani erta aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni keng yoyishga bel bog‘ladi. Bunda tadbirlarda, ijtimoiy sahifalarimizda, ko‘rsatuv va roliklarimizda, kasalxona devorlarida, QVP larda kasallikni erta aniqlash haqida ko‘rsatmalar beriladi, qisqa bo‘lgan ma’lumotlar tarqatiladi.
Elyor NORPO‘LATOV
Yoshlar ishlari agentligi mas’ul xodimi