“Butunjahon yoshlar festivali” yuzasidan matbuot anjumani
2024-06-25 12:00:00 / Matbuot anjumanlari
“Butunjahon yoshlar festivali” yuzasidan
Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan 2017-yildan buyon mamlakatimizda 30-iyun – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanib kelmoqda. Joriy yilda ham iyun oyi respublikada “Yoshlar oyligi” deb e’lon qilindi. Xo‘sh, yurtimizda yoshlar oyligi qanday o‘tadi? Yoshlarni ushbu oyda qanday yangiliklar kutmoqda?
Oylik doirasida “mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika” darajasida yoshlar festivallari va forumlari, intellektual tanlovlar, uchrashuvlar, sport musobaqalari va gala konsertlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Quyida yoshlar oyligi davomida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan barcha tadbirlar bilan batafsil tanishish mumkin:
Respublikamizning barcha hududlarida 3-10-iyun kunlari “Tadbirkorlik va kasb-hunar haftaligi”, 12-17-iyun “Ilm-fan va innovatsiyalar haftaligi”, 19-24-iyun “Ta’lim va kitobxonlik haftaligi”, 26-30-iyun kunlari “Madaniyat, san’at va ijod haftaligi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-ko‘ngilochar, harbiy-vatanparvarlik tadbirlari tashkil etiladi.
Mahalla yoshlari o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi voleybol, stritbol va kurash musobaqalarining mahalla bosqichlari, “Mushoira”, “Ibrat” va “Zakovat” tanlovlarining sektor bosqichlari, futbol va mini-futbol musobaqalarining tuman (shahar) bosqichlari, yengil atletika, stol tennisi, workout musobaqalari va “Yosh kitobxon oila” tanlovining hududiy bosqichlari, “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning respublika bosqichi o‘tkaziladi.
— 10-25-iyun kunlari Respublikaning barcha hududlari hamda 70 ta tuman (shahar)da sayilgohlar, madaniyat va istirohat bog‘larida rassomlar ko‘rgazmalari, mushoira kechalari, intellektual o‘yinlar, turli viktorinalar va gala-konsertlar tashkil etiladi.
— Vazirlik, idora va tashkilotlar hamda xo‘jalik birlashmalari xodimlari o‘rtasida “Yilning eng faol yosh xodimi” ko‘rik-tanlovi, “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etiladi. Vazirlik va idora rahbarlari, sektor rahbarlari, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlarining yoshlar bilan ochiq muloqotlari tashkil etiladi.
— Ommaviy axborot vositalari (tele va radiokanallar, bosma va elektron nashrlar)da “Yoshlar kuni” munosabati bilan bayramona ko‘rsatuv, tok-shou, eshittirishlar tashkil etiladi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda #YoshlarKuni, #YouthDay chellenjlari tashkil etiladi, unga barcha fikr yetakchilari, inflyuyenserlar jalb qilinadi.
— Mobil operatorlar tomonidan barcha abonentlarga “Sizni 30-iyun – “Yoshlar kuni” bilan tabriklaymiz!” matnida o‘zbek va rus tillarida SMS xabarnomalar yuboriladi.
— Xorijiy davlatlarning yoshlar tashkilotlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston yoshlariga bayram tabriklari yo‘llanadi.
— Xorijdagi yosh vatandoshlarimiz uchun davlatimizning diplomatik korpusi vakillari tomonidan bayram dasturlari tashkil etiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalqaro tadbirlarda bildirgan taklif va tashabbuslarining ijrosini yuqori saviyada ta’minlash maqsadida 26-30-iyun kunlari birinchi marotaba “Butunjahon yoshlar festivali” o‘tkaziladi.
Festival doirasida 15 ta xalqaro tadbir o‘tkazilib, ushbu tadbirlarga 150 ta davlatdan 1 000 ga yaqin xorijiy ishtirokchilar taklif etilgan. Ochilish marosimi 26-iyun kuni Samarqand shahridagi “Boqiy shahar” majmuasidagi amfiteatrda 1,5 ming nafar yoshlar ishtirokida tashkil etiladi.
27-28-iyun kunlari festival doirasida tadbirlar Buxoro, Samarqand, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida alohida dasturlar asosida o‘tkaziladi.
“Butunjahon yoshlar festivali” davomida bir qator muhim tadbirlar reja qilinmoqda. Jumladan:
– I O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar forumi davomida ishtirokchilar tomonidan ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida sifatli ta’lim, talabalar almashinuvi va innovatsiya sohalariga hamkorlik bo‘yicha 2 ta sessiyada muhokamalar olib boriladi;
– Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo yosh liderlar forumi davomida IT sohasidagi so‘nggi tendensiyalar, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va boshqa tegishli mavzular haqida panel sessiyalar, ma’ruzalar va seminarlar bo‘lib o‘tadi;
– O‘zbekiston-Koreya yoshlar forumida IT sohasidagi yosh mutaxassislar va talabalar o‘rtasida tajriba va bilim almashish, loyihalar haqida suhbatlashish va axborot texnologiyalari sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkoniyati mavjud;
– Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar forumi fan, madaniyat, sport, tadbirkorlik, ijtimoiy muhandislik, ta’lim va ijodiy sohalarni rivojlantirishga yordam beradi;
– Global ta’lim forumida QS xalqaro reytingi bo‘yicha TOP-500 talikka kiradigan universitetlarning vakillari ishtirok etadi, rektor va professor-o‘qituvchilarni xorijiy tajribaga tayanib o‘qitish, ilmiy tadqiqot va universitet menejmentining ilg‘or usullarini muhokama qiladi, biznes va hukumat vakillari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatini beradi;
– Qo‘shilmaslik harakati Yoshlar tarmog‘ining “Chegarasiz imkoniyatlar” sammiti – Qo‘shilmaslik harakati doirasida yoshlar tashkilotlarining strategiyalari va rejalarini uyg‘unlashtirishga yordam beradi, Yoshlar tashkiloti a’zolarining mintaqada yoshlar siyosati sohasini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
– BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolarni hal qilish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilinadi, yoshlar murojaatlari e’lon qilinadi hamda BMT Volontyorlari tashkiloti hamda Yoshlar ishlari agentligi o‘rtasida memorandum imzolash masalasi bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi;
– Shanxay hamkorlik Tashkilotining yosh tadbirkorlari forumida startaplar taqdimoti va investorlarni jalb qilish uchun platforma taqdim etiladi, ishtirokchilar yangi aloqalarni o‘rnatishi, qo‘shma loyihalar uchun sheriklar topishi va biznes doirasini kengaytirishi mumkin bo‘ladi, raqamli transformatsiya, barqaror biznes, yoshlar tadbirkorligi va boshqa dolzarb masalalar bilan bog‘liq mavzular muhokama qilinadi;
– Markaziy Osiyo yoshlar forumi va “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish bo‘yicha BMT huzuridagi ishchi guruhining I yig‘ilishida yoshlar huquqlarini himoya qilish imkoniyatlari va mexanizmlari haqida tajriba va bilim almashish, ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy dasturni e’lon qilish va 2030-yilgacha mintaqaviy strategiyani muhokama qilish belgilangan;
– O‘zbekistonda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlar kengashini tashkil etish bo‘yicha ekspertlarning birinchi yig‘ilishida hududdagi yoshlar manfaatlarini ifodalovchi Yoshlar kengashini tuzish ustida ish olib boriladi, Markaziy va Janubiy Osiyoda yoshlarni rivojlantirish strategiyasini muhokama qilinadi, yoshlar rivojlanishiga hissa qo‘shadigan tavsiyalar ishlab chiqiladi;
– O‘zbekiston-Hindiston yoshlar forumi davomida san’at, madaniyat va ijod sohasida tajriba va g‘oyalar almashinuvi uchun platforma yaratilib, yoshlar turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan yangi g‘oya va loyihalarni muhokama qilinadi;
– Markaziy Osiyo-Xitoy yosh iqtidorlar forumida yosh iste’dodlar intellektual vazifalar va ilmiy fanlar bo‘yicha bellashadi, Sun’iy intellekt bilan bog‘liq yangi texnologiyalar va san’at haqida yoshlarda o‘zaro fikr va tajriba almashinadi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi va Butun Xitoy yoshlar federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik haqida memorandum imzolanadi;
– Turkiy davlatlar tashkiloti yosh liderlari forumi va Eko oromgoh loyihasi Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan turli davlatlarning yosh yetakchilarini birlashtirib, ekologik ta’lim va yoshlarni ekologik muammolarni hal etishga faol jalb etishga qaratilgan “Eko oromgoh” loyihasi tashkil etiladi;
– MDHga a’zo mamlakatlar yoshlari o‘rtasida Shaxmat musobaqasida MDHning turli davlatlaridan keladigan havaskor va professional shaxmatchilar bir doskada o‘zaro kuch sinashadi, nufuzli unvonlar va sovrinlar uchun kurash olib boradi;
– MDHga a’zo mamlakatlar yoshlari o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirokchilar o‘qigan kitoblari haqidagi taassurotlarini taqriz, insho yoki hatto she’r orqali ifodalashadi;
– MDHga a’zo mamlakatlar Yoshlar parlamentlari yig‘ilishida turli muhokamalar va ishchi guruhlar o‘tkazilishi kutilmoqda, unda yosh parlamentariylar o‘z g‘oyalari va loyihalarini taqdim etishadi, uchrashuv ta’lim, ekologiya, iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlanish kabi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun maydonga aylanib, yosh yetakchilar o‘z mamlakatlarida hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan yechimlar va strategiyalarni ishlab chiqishlari mumkin;
– MDHga a’zo mamlakatlar yoshlari muammolarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy konferensiyada MDHga a’zo davlatlar yoshlarining bandlik, ta’lim, tibbiy xizmatlardan foydalanish va ijtimoiy kafolatlar masalalari, zamonaviy muammolarning yoshlarning ruhiy salomatligiga ta’siri va ularni bartaraf etish yo‘llari. Yoshlarning qarorlar qabul qilishda ishtiroki, yoshlar parlamentlari va jamoat tashkilotlarini rivojlantirish muhokama qilinadi;
– MDHga a’zo mamlakatlar Yosh tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” –Muvaffaqiyatli biznesmenlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi, marafon ishtirokchilari menejment, marketing, moliya va biznes yuritishning boshqa jihatlari bo‘yicha o‘z malakalarini oshirishlari, muvaffaqiyatli tadbirkorlardan ko‘mak va maslahat olishlari mumkin;
– Yosh diplomatlar sammiti zamonaviy diplomatiya tendensiyalarini muhokama qilinadi, raqamli, madaniy, iqlim va boshqa sohalarda global darajadagi hamkorlik istiqbollari va imkoniyatlarini ko‘rib chiqiladi, zamonaviy sharoitda diplomatiyaning tendensiyalari va muammolari, raqamlashtirish, xalqaro munosabatlarda axborot va kiberxavfsizlik, gorizontal diplomatiya va integratsiya birlashmalarining kelajagi masalalari muhokama qilinadi;
– Birlashgan Millatlar Tashkiloti modeli - rolli o‘yin va xalqaro konferensiyaning sintezi bo‘lib, unda ishtirokchilar BMTga a’zo mamlakatlarning rasmiy vakillari sifatida faoliyat yurituvchi BMTning haqiqiy organlari faoliyatini takrorlaydilar, ishtirokchilarda diplomatik, yetakchilik, notiqlik, til va murosaga kelish ko‘nikmalari shakllantiriladi;
– TED talks - ma’ruzachilar turli sohalarda o‘z g‘oyalari va tajribalari bilan o‘rtoqlashadigan bir qator ma’ruzalar bo‘lib, Yosh diplomatlar sammitida diplomatiya, xalqaro munosabatlar, innovatsiyalar va ijtimoiy o‘zgarishlarga oid mavzularda ilhomlantiruvchi nutqlar bo‘ladi.
Shuningdek, 27-30-iyun kunlari Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboni, Sayilgoh, Zarafshon, Buyuk Turon va Matbuotchilar ko‘chalarida 20 ta pavilondan iborat “Yoshlar shaharchasi” tashkil etiladi. Ushbu pavilonlarda mamlakatimiz yoshlari hamda xorijiy mehmonlar uchun tanlovlar, taqdimot va ko‘rgazmalar o‘tkaziladi. Festival ishtirokchilari pavilonlardagi mashg‘ulotlarni bajarib, ballarni qo‘lga kiritishi va to‘plagan ballarini kitoblar, sport, san’at, ta’lim to‘garaklariga vaucherlar, sovg‘alarga almashtirishi mumkin bo‘ladi.
Festival doirasida “Betakror O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi, ko‘zi ojiz yoshlar ishtirokida “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi, O‘zbek san’ati haftaligi va Milliy liboslar namoyishi, ochiq osmon ostida konsert dasturlari, kino namoyishlari, turli millat yoshlarining paradi, Yosh diplomatlar sammiti, BMT modeli, o‘zbek tilida “Quvnoqlar va zukkolar Do‘stlik kubogi” musobaqasi, turli soha vakillarining yoshlar bilan uchrashuvlari va mahorat darslari, gastronomik festival tashkil etiladi.
30-iyun – “Yoshlar kuni” bayrami hamda “Butunjahon yoshlar festivali”ning yopilish marosimi munosabati bilan Toshkent shahridagi “Humo Arena” muz saroyida gala-konsert o‘tkaziladi.