O‘g‘irlik: umumiy foydalanishdagi elektr energiyasidan tijorat maqsadida noqonuniy foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ldi
2025-01-24 09:20:00 / Yangiliklar
O’zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 169-moddasiga 2-qismiga umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish hamda umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga elektr energiyasi, gaz yoki suv ta’minoti tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan oldindan til biriktirib, tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan sodir etilgan o‘g‘irlik jinoyati uchun javobgarlik belgilandi. Shuningdek ushbu kodeksning sakkizinchi bo‘limi «Tijorat maqsadi — jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan muayyan faoliyatda foyda yoki daromad olishga qaratilgan maqsad» ekanligi haqidagi atama bilan to‘ldirildi.
Qonunchilikdagi ushbu o‘zgarishlardan boxabar bo‘lmagan “M.L” (nomi o‘zgartirilgan) fermer xo‘jaligi rahbari X.A (ismi sharifi o‘zgartirilgan) mazkur fermer xo‘jalikda norasmiy ravishda ishlab kelayotgan B.T (ismi sharifi o‘zgartirilgan) bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh shaxslar bo‘lib, tuman elektr ta’minoti bilan fermer xo‘jaligiga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan bo‘lsalar-da, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi 319-sonli qarorining, 133-bandi talablariga zid ravishda, “M.L” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan transformatordagi elektr hisoblash uskunasiga kiruvchi “A-V-S” fazalari elektr zanjirlariga qasddan tashqi ta’sir ko‘rsatgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish maqsadida suv nasosi umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab, tijorat maqsadlarida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishib, elektr ta’minoti korxonasi manfaatlariga 146.208.000 so‘m miqdorida zarar yetkazishgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilar O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularga nisbatan tegishli jazo tayinlandi hamda yetkazilgan zararni qoplash maqsadida to‘langan pul mablag‘larini elektr ta’minoti korxonasi hisobi o‘tkazish belgilandi.
Avvalo har birimiz umumiy foydalanishdagi energiya resurslaridan oqilona foydalanishimiz hamda har qanday noqonuniy harakat javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur.
B.Mamadaminov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudining raisi
