❗️ Koʻpxotinlilikni targʻib qilgan 14 kishi jazolandi
2024-11-02 20:45:00 / Yangiliklar
📌 Ularning 13 nafariga maʼmuriy jarima, 1 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.
Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Oʻzbekistonda oʻtgan bir yil mobaynida koʻpxotinlilikni targʻib qilgan 14 nafar shaxs jazolanganini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 31-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuniga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 47-8 (ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish) hamda 189-2 (jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish) moddalari bilan toʻldirilgan.
Oʻtgan bir yil mobaynida 47-8-modda bilan bugunga qadar 14 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 13 nafariga maʼmuriy jarima, 1 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.
189-2-modda bilan 7 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanilgan.
Mʼlumot oʻrnida:
- Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-moddasiga koʻra, koʻp xotinli boʻlish, yaʼni umumiy roʻzgʻor asosida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashash — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
- Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 478-moddasiga binoan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, gʻoyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday xatti-harakatlarni ragʻbatlantirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 million 950 ming soʻmdan 9 million 900 ming soʻmgacha) jarima solishga yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
- 🌐Facebook (https://www.facebook.com/wcuuzofficial) |🌐Instagram (https://instagram.com/xotin_qizlar_qomitasi) |🌐Youtube (https://youtube.com/@wcuuzofficial)