O‘zbekiston tumani hokimi Ravshanbek Begmatovning tumanda 2025-yilning oʼtgan davrida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar yuzasidan hisobot-murojaati
2025-10-23 11:00:00 / Янгиликлар

Assalomu alaykum xurmatli hamyurtlar, qadrli tumandoshlar!
Ma’lumki, korrupsiya jamiyatdagi eng jirkanch illatlardan biri sifatida adolatsizlik va tengsizlikni keltirib chiqaradi, odamlarning davlat idoralariga nisbatan ishonchini so‘ndiradi.
Taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘luvchi bu illat ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga katta zarar yetkazadi, tarmoq va sohalarni zaharlaydi. Shuning uchun ham korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan joyda amaliy sa’y-harakatlar samara bermaydi, kutilgan rivojlanish bo‘lmaydi.
Bugun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida izchil huquqiy islohotlar olib borilib, bir qator dasturlar ishlab chiqarilmoqda va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi davlat organlarining roli oshirilmoqda.
Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturining tasdiqlanishi, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident farmonining qabul qilinishi yurtimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan muhim qadamlar bo‘ldi.
Bu borada O‘zbekiston tumanida ham korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida belgilangan chora-tadbirlar dasturi ijrosi yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tumandagi barcha davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan sohaviy tarmoqlarni zamonaviy yechimlar orqali korrupsiya va jinoyatchilikdan holi xududga aylantirish, aholi orasida korrupsiya qarshi murosasiz muhitni yaratish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Tumandagi maskanlar, tibbiyot, ta’lim muassasalari hamda barcha korxona va tashkilotlar binolarining kirish qismiga, fayelarga korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va uning salbiy oqibatlari aks etgan ettirilgan targ‘ibot bannerlari o‘rnatildi. Tashkilotlarga yuqori turuvchi va markaziy boshqarmalari rahbariyatining qabul kunlari va ishonch telefonlari aks ettirilgan ma’lumotlar joylashtirildi.
Tumandagi davlat tashkilotlari va muassasalardagi bo‘sh ish o‘rinlarini davlat xizmati va mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq, ochiq tanlov asosida munosib kadrlar bilan to‘ldirish choralari ko‘rib borilmoqda
Tashkilotlardagi vakant bo‘sh ish o‘rinlari haqida doimiy ravishda ish.mehnat.uz milliy vakansiya bazasiga joylab borish va tuman bandlik bo‘limiga har chorakda hisobot topshirilishi ta’minlanyapti.
Davlat xaridlari, subsidiya va ijtimoiy yordam jarayonlari ochiq elektron platformalari orqali amalga oshirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida, vakolatli organlar bilan hamkorlikda muntazam ravishda tuman hokimligi, tashkilot va korxonalar, mahallalar, maktab, maktabgacha ta’lim va tibbiyot muassasalarida profilaktik uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 60 dan ziyod o‘tkazilgan ana shu targ‘ibot uchrashuvlarida davlat xizmatchilari va fuqarolarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga e’tibor qaratildi. Ochiq muloqotlarda korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, unga qarshi kurashish va ushbu xavfli illatning salbiy oqibatlari mavzusi doimiy muhokamada bo‘ldi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari va tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali ham mavzuga oid targ‘ibot chiqishlarini ko‘paytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Sir emas, korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining keng qatlami va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kuchaytirish - ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda tumandagi tashkilot va muassasalarida “Ochiq eshiklar” kunlari tashkil etilib, Xalq qabulxonasi va onlayn murojaatlar tizimi faoliyatini faol ishlashini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tuman hokimligining “Murojaatlar guruhi” tashkil etilib, shu kabi resurlar orqali ochiq yoki anonim murojaat, shikoyat va takliflarni qabul qilish hamda ularni ijroga yo‘naltirish mexanizmi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va hal etish maqsadida tuman rahbariyati ishtirokida Xalq qabulxonasida, tuman hokimligida hamda barcha mahallalarda fuqarolar bilan muntazam sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
Ayni yo‘nalishda olib borilgan amaliy ishlar natijasida joriy yilning 9 oyi davomida aholidan tushgan murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 700 taga kamaydi.
Tuman hokimligida ham korrupsiyaga qarshi kurashish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha xodimlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoraviy hujjatlar bilan tanishtirilgan.
Tuman hokimining o‘rinbosarlari, bo‘lim va guruh rahbarlari hamda mutaxassislarning ish reja, reglament va vazifalar taqsimoti ishlab chiqilgan bo‘lib, barcha darajadagi mas’ullar mazkur hujjatlar bilan tanishtirilgan va ushbu belgilangan hujjatlar asosida faoliyatlarini olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, tuman hokimligi apparat xodimlari o‘rtasida davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish, mas’uliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish, har qanday qonun buzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish lozimligi haqida ta’sirchan mexanizmlar orqali uqtirib borilmoqda.
Hokimlik tarkibidagi barcha bo‘limlar faoliyati muntazam ravishda audit va tegishli nazoratdan o‘tkazilib, hisobdorlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida elektron hujjat aylanishi tizimi joriy etilgan.
Qadrli yurtdoshlar!
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish yuzasidan tuman hokimligi tomonidan kelgusida ham qator yo‘nalishlarda izchil tadbirlar davom ettiriladi.
Xususan, raqamlashtirishni kengaytirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, halollik muhitini ta’minlovchi jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat xizmatchilarida mas’uliyat, kasbiga sadoqat va xalollikni kundalik shiorga aylantirish va xalqning davlat fuqarolik xizmatiga bo‘lgan ishonchini oshirish, ijobiy fikrni shakllantirish va bu yo‘nalishda jamoatchilik bilan keng hamkorlik qilishni o‘z oldimizga ustivor vazifalar etib belgilab olganmiz.
Shu o‘rinda, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘luvchi, taraqqiyot tanazzuliga olib keluvchi bunday salbiy holatga qarshi qat’iy va prinsipiallik bilan kurashish har bir fuqaroning burchi ekanligini yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz.
Zero, Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qanchalik harakat qilmasin, xalqimiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak..”.
Qadrli yurtdoshlarimizdan, korrupsiyaviy holatlar yoki shubhali vaziyatlarga duch kelganlarida bevosita Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yoki tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishlarini so‘rab qolamiz!
Yangi O‘zbekistonni korrupsiyadan xoli, sog‘lom va shaffof jamiyatga aylantirishda barchangizni faol bo‘lishga chorlaymiz!
