Qirg‘iziston elchisining tumanimizga tashrifi davomida o‘zbek-qirg‘iz do‘stligi yana bir karra ulug‘landi
2025-09-18 17:00:00 / Янгиликлар

Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov bugun O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurib, “Bo‘ston” va “Yangihayot” mahallalarida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimiz bilan uchrashdi.
Paxtabo‘ston qishlog‘idagi 62-umumta’lim maktabida o‘tgan muloqotda chuqur tarixiy ildizlar bilan bog‘langan, dini bir, qadriyat va an’analari mushtarak o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi haqida so‘z bordi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz tinchligi, o‘zaro hamkorligi, qardosh xalqlar o‘rtasidagi hurmat va mehr-oqibat, qadrdon do‘stlik abadiy bo‘lishligi uchun ezgu niyatlar bildirildi. Yig‘ilganlar har ikki xalqqa farovonlik, yoshlarga yuksak marralarni zabt etishlari uchun omad va zafarlar tiladilar.
Qirg‘iziston elchisi Duyshonkul Chotonov Jamanjar qishlog‘ida usta hunarmand Muhabbat Gʻofurova yo‘lga qo‘ygan “Marxamatxon ustoz-shogird” korxonasi va kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Korxonada qo‘y va echki junidan ip yigirish va rang berish orqali gilam, sholcha, yotoqxona choyshablari va boshqa tikuv-to‘quvchilik mahsulotlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda korxonada 60 nafardan ziyod xotin-qizlar kasanachilik asosida ishga jalb etilgan.
Shu kuni bir guruh hunarmand qizlar markazni tamomlaganligi haqidagi sertifikatni mehmonning qo‘lidan oldilar.
O‘tgan tadbirlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat yetakchilarining tashabbusi bilan yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilganligining yana amaliy ifodasi bo‘ldi.






