Millat ayollariga e’tibor namunasi: O‘zbekiston tumanida ehtiyojmand oilalardagi 28 nafar xotin-qizlar talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi
2025-08-21 15:00:00 / Янгиликлар

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va g‘amxo‘rligida bugun yurtimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi, oiladagi o‘rni va nufuzini ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, xotin-qizlarning bilim olishini rag‘batlantirish, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda davlat grantlarini ajratish amaliyoti yurtimiz ayollariga bo‘lgan yuksak e’tiborning bir namunasi hamdir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi 402-sonli qaroriga muvofiq, joriy yilda O‘zbekiston tumanida ham jami 85 nafar xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishlari uchun tavsiyanomalar berilgan bo‘lib, ulardan 28 nafari o‘qishga qabul qilindi.
Tuman hokimligida ushbu imtiyoz asosida talabalik baxtiga musharraf bo‘lgan xotin-qizlar va ularning oila a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan tuman hokimining o‘rinbosari-oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Zulfiyaxon Sarimsoqova talaba bo‘lgan qizlarni samimiy qutladi.
Ezgu maqsadlarni niyat qilgan opa-singillarga tuman hokimligining tashakkurnomalari taqdim etilib, ularning kelgusi o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar, oilalarida farovonlik bardavom bo‘lishiga tilaklar bildirildi.






