Davlat xavfsizlik xizmati kubogi g‘oliblari munosib taqdirlandi
2026-05-28 20:35:00 / Янгиликлар

O‘zbekiston tumanida 16-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida mini-futbol va futbol bo‘yicha tashkil etilgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi–2026” musobaqalarining tuman bosqichi haqiqiy sport bayramiga aylanib ketdi.
Mahallalardan shakllantirilgan jamoalar ishtirok etgan bellashuv yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini yana bir bor namoyish qildi. Turnir davomida maydonlarda murosasiz va shiddatli bahslar kechdi.
Bugun Yaypandagi “O‘zbekiston” o‘yingohida musobaqaning g‘olib va sovrindor jamoalarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev, Davlat xavfsizligi xizmati tuman bo‘limi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbariyati, Yoshlar ishlari bo‘limi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olgan tuman rahbari musobaqa ishtirokchilari va g‘oliblarini qutlab, bunday sport anjumanlari mahallalarda sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Qizg‘in bahslar yakuniga ko‘ra, futbol bo‘yicha “Dehqonobod” mahallasi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni “Qulibek” mahallasi, uchinchi o‘rin esa “Qumbosdi” mahallasi yoshlaridan iborat jamoalar egalladi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi mini-futbol bahslarida “Ko‘l Elash” mahallasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida ham “Dehqonobod” mahallasi jamoasi tengsiz ekanini isbotladi.
Musobaqa g‘oliblari kubok, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.









