Turkiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
2026-05-18 20:35:00 / Янгиликлар

O‘zbekiston tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayev shuningdek, bugun O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi “Eko-energiya” ilmiy tatbiq etish markazi xalqaro maslahatchisi Murat Oksuz boshchiligidagi turkiyalik ishbilarmonlar guruhi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan muloqotlarda O‘zbekiston tumanida xorijiy investisiyalar ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli loyihalar va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari bo‘yicha fikr almashildi.
Turkiyalik investorlar tomonidan tumanning ta’lim, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiluvchi bir qator yirik loyihalar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Xususan, tumanda ta’lim, IT, ziroatchilik va ko‘chatchilik sohalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyiha takliflari ilgari surildi.
Tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev xorijlik hamkorlarning takliflarini yuqori baholab, ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun tumanda yetarli imkoniyat va qulay investisiya muhiti mavjudligini ta’kidladi. Tuman rahbari bildirilgan barcha loyihalar to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini va ularni amalga oshirish jarayonida hokimlik tomonidan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy ishlar jarayonini jadallashtirishga kelishib oldilar.





