Aholi bilan muloqot: tuman hokimining mahalladigi sayyor qabulida fuqarolarning o‘ttizga yaqin murojaatlari o‘rganildi
2026-05-18 15:10:00 / Янгиликлар

Aholi murojaatlari bilan ishlash, muammoli masalalariga yechim topish maqsadida O‘zbekiston tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayevning hududlardagi sayyor qabullari davom etmoqda.
Tuman hokimining navbatdagi sayyor qabuli bugun “Buzuqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi.
Tuman hokimining o‘rinbosarlari, tashkilot va muassasalar rahbarlari jalb etilgan bugungi sayyor qabulda ham buzuqo‘rg‘onliklar qatorida tumanning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan hamyurtlarimiz ham o‘zlarini qiynayotgan muammo va shikoyatlarini tuman hokimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon qildilar.
Qabul davomida ishga joylashish, uy-joy ta’miri, tadbirkorlik va dehqonchilikni rivojlantirish, kommunal va ijtimoiy sohalar, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, moddiy yordam va kadastr kabi masalalarga oid o‘ttizga yaqin murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Murojaatlarning ma’lum qismiga shu kunning o‘zida ijobiy yechim topilgan bo‘lsa, ijrosi uchun vaqt va mablag‘ talab etiladigan masalalar bo‘yicha javobgar mas’ullar hamda ijro muddatlari belgilandi. Nizoli masalalar yuzasidan ham huquqiy maslahatlar berildi.
Muloqotlar davomida tobora chiroy ochib borayotgan, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda yuz berayotgan hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashash har birimizning fuqarolik burchimiz ekanligi ta’kidlandi.









