Ayol va bolani himoya qilish hamda e’zozlash – ustuvor vazifa
2026-04-17 15:50:00 / Янгиликлар

O‘zbekiston tumanida Prezidentimizning joriy yil 3 martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF-33-sonli farmoni mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda hamkor idoralar tomonidan joylarda tashkillanayotgan targ‘ibot tadbirlarida ushbu farmon ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
Hujjat bilan jinoyat va ma’muriy qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar orqali jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik uchun javobgarlik choralari aniqlashtirilayotgani qayd etildi.
Farmonning asosiy yutuqlaridan yana biri idoralararo munosabat zanjirini yaratishdir. Erta nikohlar va homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlarini va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini xabardor qilish majburiyati o‘z-o‘zini boshqarish organlari, FHDYO organlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy tashkilotlar vakillariga yuklanadi. Xabar bermaslik ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Uchrashuvlar davomida Farmon ijrosini tumanda o‘z muddatida va sifatli ta’minlash, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, muammolarni tahlil qilish va samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar Prezidentimizning mazkur farmoni yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.






