Ramazon - mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi: Fayzli iftorlikda ezgu tilaklar bildirildi
2026-03-11 21:05:00 / Янгиликлар

Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ulug‘ ayyom kunlarida O‘zbekiston tumanida ezgu tadbirlar davom etmoqda.
Bugun tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkillangan navbatdagi iftorlik marosimida ham xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlar yana bir bor keng targ‘ib etildi.
Tadbirga nuroniylar, mehnat faxriylari, baynalminal jangchi-faxriylar hamda ehtiyojmand oilalar vakillari taklif etildi. Marosimda tuman hokimi Ravshanbek Begmatov boshchiligidagi tuman rahbariyati ham ishtirok etdi.
Fayzli dasturxon atrofida kechgan suhbatlar jarayonida xalqimiz qoniga singib ketgan saxovat, mehru muruvvat, bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarimiz muqaddas Ramazon oyi kunlarida o‘zining yaqqol ifodasini topayotgani haqida so‘z yuritildi.
Qur’on tilovat qilinib, Vatanimizga tinchlik, joylarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga bardavomlik, har bir xonadonga fayzu barokat tilab, duolar qilindi.






