"Yosh chegarachilar" musobaqasi o‘g‘il-qizlarni harbiylikka ishtiyoqini oshirmoqda
2026-02-26 17:40:00 / Янгиликлар

O‘zbekiston tumanidagi 24-maktabda "Yosh chegarachilar" an’anaviy harbiy-vatanparvarlik musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar orasida vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga ishtiyoqni rivojlantirish hamda harbiy xizmat va chegarani muhofaza qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqaning tuman bo‘yicha final bahslarida 8 ta jamoa tarkibidagi 100 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar faol qatnashdi.
Musobaqa 3 ta asosiy shart bo‘yicha o‘tkazildi. O‘quvchi-yoshlar fizik tayyorgarlik, harbiy bilim va amaliy mashqlarini sinovdan o‘tkazdi.
Natijaga ko‘ra, 21-maktabning “Sohibqiron” jamoasi yoshlari 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-sonli texnikumning “Amir Temur” jamoasi yoshlari 2-o‘rinni, 17-maktabning “Burgutlar” jamoasi o‘quvchi-yoshlari esa 3-o‘rinni egalladi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida tuman hokimi Ravshanbek Begmatov, DXX Chegara qo‘shinlari vakillari va tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari ishtirok etdi.
Gʻolib va sovrindorlarga diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar tantanali topshirildi. Musobaqada eng yaxshi natija qayd etgan ko‘plab ishtirokchilar qo‘shimcha nominatsiyalar bilan ham taqdirlandi.






