“Besh tashabbus olimpiadasi” viloyat bosqichi g‘oliblari va “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida faol ishtirok etgan katta yoshdagi sportchilar e’tirof etildi
2025-12-12 15:45:00 / Янгиликлар

Bugun Yaypandagi “O‘zbekiston” o‘yingohida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarining Farg‘ona viloyat bosqichi g‘oliblari hamda 30 yoshdan 70 yoshgacha va undan katta yoshdagi fuqarolar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarining faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Ravshanbek Begmatov boshchiligidagi tuman rahbariyati ishtirok etdi.
O‘quvchilar va yoshi katta sportchilarni erishgan yutuqlari bilan qutlagan tuman rahbari, sportsevarlarga kelgusi musobaqalarda ham ulkan zafarlar yor bo‘lishini tiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi sport musobaqalarining tuman va viloyat bosqichlarida vakillarimiz faol ishtirok etib, salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, 49, 36, 50 va 52-maktab o‘quvchilaridan iborat jamoalar voleybol, shaxmat, yengil atletika va quvnoq startlar kabi bahslarda viloyat bosqichida g‘olib va sovrindorlar bo‘lishdi.
Prezidentimizning “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tumanda o‘tkazilgan sport sinovlarida esa 30–70 yosh va undan katta yoshdagi aholi vakillaridan 2500 nafari qamrab olindi. Mazkur jarayonlarda sport sinovlarining ixtiyoriy va maxsus talablarini munosib bajargan bir qator ishtirokchilar tegishli darajadagi ko’krak nishonlariga loyiq deb topildi.
Shu kuni yosh sportchilar va yoshi katta sport ixlosmandlari diplom, ko‘krak nishonlari hamda sovg‘alar bilan taqdirlandilar.






