To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarda kuzatuv taomili
2026-03-07 14:45:00 / Янгиликлар

To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarda kuzatuv taomili
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi)ning maqsadi yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lovga qobiliyatsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 210-moddasi va Qonun 6-moddasining uchinchi qismiga muvofiq, qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risidagi ishlar IPKda nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha, Qonunda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda iqtisodiy sud (bundan buyon matnda sud deb yuritiladi) tomonidan ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 2025 yil 23 iyundagi 13-sonli Qarori 14-bandida sudya to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlash bilan bir vaqtda kuzatuv taomilini joriy etish masalasini hal qilishi lozimligi, kuzatuv taomili joriy etilganligi arizani ish yuritishga qabul qilish va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi sudning ajrimida ko‘rsatilishi haqida tushuntirish berilgan.
Shuningdek, mol-mulki mavjud bo‘lgan qarzdor yuridik shaxsga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilinganda, unda muvaqqat boshqaruvchining nomzodi ko‘rsatiladi. Arizada muvaqqat boshqaruvchining nomzodi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sud arizachidan yoki vakolatli davlat organidan yoxud sud boshqaruvchilarining jamoat birlashmasidan tegishli nomzodni taqdim etishni so‘raydi.
Xususan, kuzatuv taomili qarzdor — yuridik shaxsga nisbatan uning mol-mulki but saqlanishini taʼminlash, qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o‘tkazish, kreditorlar talablari reyestrini tuzish va birinchi kreditorlar yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza qabul qilingan paytdan eʼtiboran keyingi tartib-taomilga qadar qo‘llaniladi. Ushbu vazifalarning bajarilishi muvaqqat boshqaruvchi zimmasiga yuklanadi.
Ushbu qoidalar jismoniy shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorni, shuningdek, soddalashtirilgan tartib-taomil bo‘yicha qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ishlarga tatbiq etilmaydi.
Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy
sudining raisi U.Kurbanov
