"SHINJON" USULI SAMARASI: GʻO‘ZADA ILK KO‘SAKLAR
2026-06-06 18:50:00 / Янгиликлар
Yaxshi xabar
Uychi tumanida qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlar izchil joriy etilmoqda. Paxtachilikda jahon tajribasida o‘z samarasini bergan innovasion texnologiyalar asosida ekilgan chigitlar dastlabki natijalarni namoyon etmoqda.
Joriy yilda tumandagi 143 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4130 gektar maydonga paxta ekilib, har gektardan o‘rtacha 54 syentnerdan hosil olish hamda jami 22 ming 257 tonna paxta xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Ushbu maydonlarning 1441 gektarida chigit Xitoy texnologiyasi asosidagi zamonaviy “Shinjon” usulida ekilgan.
Mazkur usulda chigit plyonka ostiga qo‘sh qator qilib, 76/10 sxemada joylashtirildi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimining qo‘llanilishi g‘o‘zaning barvaqt va jadal rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Tumanning “Zarbol Navoiy” MMTP hududida faoliyat yuritayotgan “Umirzaqov Jahongir” fermer xo‘jaligida aynan shu texnologiya asosida parvarishlanayotgan g‘o‘zada gullar to‘kilib, ilk ko‘saklar paydo bo‘ldi. Xo‘jalikning 15 gektar maydonida plyonka ostida qo‘sh qator usulida, tomchilatib sug‘orish tizimi bilan uyg‘unlashtirilgan holda “Shinjon” texnologiyasi asosida chigit ekilgan bo‘lib, bugungi kunda uning samarasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Tumanda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, yuqori hosildorlikka erishish hamda kelgusi hosil uchun mustahkam zamin yaratish maqsadida paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Ayni kunlarda g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishini doimiy nazorat qilish, mineral oziqalar bilan ta’minlash, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish, sug‘orish ishlarini o‘z vaqtida tashkil etish hamda boshqa agrotexnik tadbirlarni belgilangan talablar asosida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Uychi tuman hokimligi Axborot xizmati.










