Uchko‘prik tumanida 33 nafar talabaning shartnoma pullari to‘lab berildi
2026-10-09 11:55:00 / Янгиликлар

Yurtimizdagi turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 33 nafar uchko‘priklik talabaning 50 foizgacha shartnoma pullari “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab berildi.
Tuman hokimi Qodirjon Erkaboyev, tuman prokurori O‘ktamjon Yo‘lchiyev, talaba-yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda to‘lovni tasdiqlovchi sertifikatlar o‘z egalariga tantanali tarzda topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 28 aprel kungi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan "Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar hamda Ijtimoiy himoya reyestiriga kiritilgan oilalarning farzandlari bo‘lgan 33 nafar talabaning joriy o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorining 50 foizigacha bo‘lgan qismi, qariyb 200 million so‘mlik kontrakt pullari to‘lab berildi.
Shuningdek, 16 nafar yoshning IT, xorijiy tillarni o‘rganish va kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning qariyb 40 million so‘mlik ta’lim xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq qoplab berildi.


