Shamolni zabt etgan ayol: Qo‘qonda energiya yaratayotgan fidoyi ustoz
2026-03-10 09:45:00 / Янгиликлар

U nafaqat elektr montyorlik sirlarini o‘rgatmoqda, balki stereotiplarni ham birma-bir buzmoqda.
Asli Dang‘aralik bo‘lgan Madinabonu bolaligidan otasining – O‘zbekiston temir yo‘llari tizimidagi energetik mehnatiga havas bilan ulg‘aydi. Shu havas uni energetika sohasiga boshlab kirdi.
U Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Qo‘qon filialida elektr texnikasi, elektr mexanikasi va elektr texnologiyalari yo‘nalishida tahsil oldi. So‘ng Farg‘ona davlat texnika universitetida magistratura bosqichini ham muvaffaqiyatli tamomladi. Ilmiy izlanishlarini shamol energetikasiga bag‘ishlab, Qo‘qon shahri shamol potensialini baholadi va kichik quvvatli shamol generatori loyihasini ishlab chiqdi.
Bugun u 28 nafar shogirdga elektr montyorlik kasbining nazariy va amaliy jihatlarini o‘rgatmoqda. Ustoz uchun amaliyot – ustuvor yo‘nalish. Hozirda shogirdlari bilan birgalikda quyosh panellari orqali xonadonni yoritish bo‘yicha tejamkor loyiha ustida ishlamoqda.
Madinabonu uchun ayollik va mutaxassislik bir-biriga zid emas. U – mehribon ona, fidoyi ustoz va ilmga chanqoq tadqiqotchi. Ishdan so‘ng uy-ro‘zg‘or, mol-qo‘y yumushlariga ham ulguradi.
Uning hayoti bir haqiqatni isbotlaydi: Ishonch, bilim va mehnat bor joyda – muvaffaqiyat ham albatta bo‘ladi.


