Yoshlarni zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga eʼtibor kuchaytirilmoqda
2026-09-24 15:25:00 / Янгиликлар
Qoʻshtepa tumani hokimi Anvarjon Abdullayev boshchiligida tuman prokurori, Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda Davlat soliq inspeksiyasi rahbari ishtirokida Shomirza mahallasidagi 2-son politexnikumda oʻrganish ishlari olib borildi.
Tashrifdan asosiy maqsad yoshlarni zamonaviy va talab yuqori boʻlgan kasblarga yoʻnaltirish, ularning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish hamda bandligini taʼminlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Oʻrganish davomida politexnikum hududida “Kasblar shaharchasi”ni tashkil etish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Mazkur maskanda yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish, amaliy koʻnikmalarini oshirish va kelgusida munosib daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilishi belgilandi.
Shuningdek, “Kasblar shaharchasi”ni tashkil etish jarayonida mavjud imkoniyat va muammolar oʻrganilib, ularni bartaraf etish, zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish yuzasidan masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.





