Nurotada fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etildi
2025-07-31 09:55:00 / Янгиликлар

Nurota tumani “Eshon Sudur” mahalla fuqarolar yigʻini binosida Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B.Djumayev, jinoyat ishlari boʻyicha Nurota tuman sudi raisi M.Xayitov, tergov sudyasi Z.Utamurodov hamda fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi sudyasi A.Baxromov tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sayyor qabuli oʻtkazildi hamda qonunchilikdagi soʻnggi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan targʻibot ishlari amalga oshirildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari sud-huquq sohasida, oila va nikoh masalalarida, kredit shartnomalari, moddiy va ma’naviy zararni undirish, huquqbuzarliklar toʻgʻrisida, tadbirkorlik faoliyati sohasi yuzasidan, shuningdek, boshqa masalalar boʻyicha oʻzining qiziqtirgan savollariga huquqiy tushuntirishlar oldilar.
Bundan tashqari, sayyor qabul davomida sud raislari tomonidan qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish olib bordilar.
Jumladan, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi raisi B.Djumayev majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkni auksion orqali sotish jarayonlarini soddalashtirish, shuningdek, garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi.
Shu bilan birga amaliyotda kredit (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni qarzdor tomonidan o‘z vaqtida va (yoki) lozim darajada bajarilishini, kreditorning garov bilan ta’minlangan talablari qondirilishini, sud tartibida va suddan tashqari tartibda undiruvni garov narsasiga qaratishni, garovga oluvchining garov narsasiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ham e’tirof etdi.
Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Kreditorlarning garov bilan ta’minlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi OʻRQ-1060-sonli Qonun orqali O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga, “Garov to‘g‘risida”gi, “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi toʻgʻrisida ma’lum qildi.
Ushbu Qonun kreditorlarning garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan huquqlari ustuvorligini ta’minlashga, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirishga, majburiyatlarni garovga qo‘yilgan mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirishga va kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushini kamaytirishga xizmat qilishi toʻgʻrisida tushuntirish berib oʻtdi.
Shuningdek, fuqarolik ishlari boʻyicha Navbahor tumanlararo sudi sudyasi A.Baxromov Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-1067-sonli Qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish berib, Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilayotganligi haqida nutq soʻzladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi, hech kim o‘ziga hamda yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, shuningdek shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanganligiga urgʻu berdi.
Ushbu Qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi toʻgʻrisida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ma’lum qildi.


