Jarqo‘rg‘onda obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda
2026-05-20 10:20:00 / Янгиликлар

Jarqo‘rg‘onda obodonlashtirish ishlari qizg‘in davom etmoqda
Jarqo‘rg‘on tumanida obodonlashtirish, hududlarni ozoda saqlash hamda ekologik muhitni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, temir yo‘l atrofi va xalqaro ahamiyatga ega M–41 avtomobil yo‘li bo‘ylarida tozalash, tartibga keltirish hamda yashil hududlarni parvarishlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Bugungi kunda yo‘l bo‘ylari, temir yo‘lga tutash hududlar hamda g‘alla maydonlari atroflarini has-xashaklardan tozalash ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, jazirama mavsum oldidan quruq o‘t-o‘lanlarni bartaraf etish orqali yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ekin maydonlarini asrash va sanitariya holatini yaxshilash maqsadida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, yo‘l chetlari va ariqlar atrofi begona o‘tlardan tozalanib, texnikalar yordamida hududlar tartibga keltirilmoqda. Amalga oshirilayotgan bunday ishlar nafaqat tuman ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, balki aholiga qulay va xavfsiz muhit yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Obodonlashtirish tadbirlarida tegishli korxona va tashkilotlar xodimlari, mahalla faollari hamda hasharchilar bir yoqadan bosh chiqarib faol ishtirok etmoqda. Bu esa yurtdoshlarimizning ona zamin, obod mahalla va musaffo atrof-muhitga bo‘lgan daxldorlik hissi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jarqo‘rg‘onda olib borilayotgan bunday bunyodkorlik va ozodalik ishlari tumanning yanada chiroyli, fayzli hamda yashash uchun qulay maskanga aylanishiga xizmat qilmoqda.
JARQO‘RG‘ON TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI
