Chortoq tumani taraqqiyot yoʻlida dadil odimlamoqda
2026-03-30 18:05:00 / Янгиликлар
Bugun Chortoq tumani chinakam bunyodkorlik va qurilish maydoniga aylangan. Bu oʻzgarishlar har bir hudud, har bir manzilda yaqqol namoyon boʻlib, tumanning yangi qiyofasini shakllantirmoqda.
Xususan, tumandagi 5 ta umumtaʼlim hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish doirasida mukammal taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Bu esa taʼlim muassasalarida zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Aholini uy-joy bilan taʼminlash borasida ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Turli hududlarda jami 250 xonadondan iborat koʻp qavatli uylar bunyod etilayotgani tumanda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon banki loyihasi doirasida Arbagʻish mahallasidan tuman markaziga 52 kilometrlik ichimlik suvi tarmogʻi tortilmoqda. Shuningdek, Istiqlol koʻchasida kanalizatsiya hamda ichimlik suvi tizimlarini yangilash ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Eng eʼtiborlisi, Furqat nomli madaniyat va istirohat bogʻida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlaridir.
Albatta, bu ishlar bilan cheklanib qolinmayapti. Joylarda davom etayotgan koʻplab bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tuman infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, shuningdek, Chortoq tumanining turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Bunday keng koʻlamli ishlar aholi kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, ertangi kunga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Chortoq tumani esa izchil taraqqiyot yoʻlida dadil odimlamoqda.










