Olot: Dilrabo Toshpoʻlatova bahorgi mavsum issiqxonasidan 8 tonna pomidor koʻzlamoqda
2025-03-12 14:50:00 / Янгиликлар

Joriy yil boshidan xonadon bekasi turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda issiqxonani obod qilishib, unda 1 ming 700 tupdan ortiq "Alamina" naviga mansub pomidor koʻchatlarini oʻtqazib, parvarishlab kelishmoqda.
— Sabzavot mahsulotlari yetishtirish uchun issiqxonadan foydalanib, bemalol moddiy manfaat topish mumkinligini tajribamizda koʻrib turibmiz,—deydi tomorqachi Dilrabo Toshpoʻlatova.—Oila tashvishi, tirikchilik vajidan oxirgi 3 yilda issiqxonada peshona teri evaziga mahsuldorlikni oshirib, moʻmay daromadni koʻpaytirishga jiddiy kirishganmiz. Oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumida ekin yerimizda uch marta hosil yetishtirib, bozorbop mahsulotimiz sotuvidan 150 million soʻm daromadga erishgan boʻlsak, joriy yilda bu foydani 200 million soʻmga yetkazish uchun astoydil ishlayapmiz. Hozirda faqat sarf-xarajatdamiz, yer, urugʻ tayyorlash, mahalliy va mineral oʻgʻit jamgʻarish, suv taʼminoti, biologik ishlov beriladigan dorilarni tayyorlab ishga kirishganmiz. Uch oylik qattiq mehnatdan soʻng hosilni yigʻib saranjomlayotganda xarajat oʻrnini oshigʻi bilan qoplaymiz, albatta.
Oilaviy mirishkorlar ilk mavsumda 5 tonnaga yetkazib pomidor hosilini yigʻib olishni koʻzlashmoqda. Bu har kilogram sara mahsulot 15 ming soʻmdan sotilganida ham kamida 70 million soʻm moddiy manfaat degani. Peshma-pesh yer tayyorlab ekiladigan ikkinchi va uchinchi hosilni mushohada qilsak, bir oilaning issiqxonadan erishayotgan daromadi 200 million soʻmdan oshadi.
Darhaqiqat, tomorqa—rizq-roʻz, daromad manbai. Bandlik, toʻkinlik va arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻli. Dasturxon fayzu barakasi, turmush farovonligi, yurt obodligi undan. Faqat fursatni boy bermay, erta bahor ekish mavsumida omilkorlik bilan ishlab, yerdan unumli foydalanilsa, kifoya.
Shu oʻrinda baʼzi maʼlumotlarga toʻxtalsak, oʻtgan 2024-yilda chekka tumanda mavjud 4 ming 471 gektar aholi tomorqasida 52 ming 457 tonna ertangi sabzavot-poliz mahsuloti yetishtirilgan. Chunonchi, 570 gektarda 4 ming tonnadan ortiq kartoshka, shuningdek, 502 gektarda 8 ming tonna atrofida pomidor, 171 gektarda 3 ming 158 tonna sabzi, 580 gektarda 11 ming tonna atrofida piyoz, qolaversa, 700 gektardan ortiq yerda 30 ming tonnaga yaqin qovun-tarvuz va oshqovoq yetishtirilgan. Joriy yil qishki va erta bahor mavsumida esa birgina dehqon xoʻjaliklarining 166 gektarida kartoshka, umumiy hisobda 833 gektar maydonda piyoz, bulgʻor qalampiri, pomidor, bodring, karam, baqlajon va boshqa sabzavot mahsulotlari ekib parvarishlash ishlariga kirishilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati