Ilm eng buyuk sharaf
2025-05-24 08:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum hurmatli ustoz – murabbiylar va aziz bitiruvchi yoshlar!
Mana, bugun yurtimizdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 2024-2025 o‘quv yili ham nihoyasiga yetib, yana bir yilga ulg‘aydingiz. Kechagina jajji qadamlari bilan otasi yoki onasi hamrohligida maktab ostonasiga kirib kelgan bolajonlarimiz, bugun shaxdam qadam tashlaydigan, o‘z oldiga maqsad qo‘ygan o‘quvchiga aylandi.
Bugungi “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “So‘ngi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida, Siz aziz o‘quvchilarni va shu muqaddas dargohda qo‘limizga qog‘oz-qalam tutqazib, yozuv-chizuvni o‘rgatgan, ming-minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini baxsh etgan, o‘z o‘quvchilariga, haqiqatdan ham, hayot maktabini beradigan moʻtabar ustozlarimizni va barchangizni o‘zim nomimdan va tuman hokimligi nomidan samimiy muborakbod etaman!
Hurmatli maktab bitiruvchilari!
Siz hayotingizda eng muhim qadamlarni boshlash arafasidasiz. Shu vaqtgacha qadrdon maktabdagi ustozlaringiz va do‘stlaringiz bilan o‘tkazgan kundalik turmush tarzingiz o‘rniga yangi hayot, ajoyib taassurotlar va tajribalar olamiga safaringiz boshlanmoqda.
Hozirda ko‘pchiligingiz asosiy vaqtingizni oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorgarlikka qaratmoqdasiz va bu yo‘lda barchangizga omad tilab qolaman! Inson muvaffaqiyatining ko‘pi bilan 10 foizi omadga va tashqi omillarga, qolgan 90 foizi esa aynan o‘ziga bog‘liq ekanligi uchun oldingizga yuqori maqsadlar qo‘yib, o‘z kuchingizga ishonib tinmay harakat qilishingiz zarur!
Eng asosiysi, vaqtingizni behuda o‘tkazmang! Vaqt — hayotingizdagi eng qimmatbaho resurs hisoblanadi. Vaqtingizni doim o‘zingiz, oilangiz va jamiyatga foyda keltirish uchun sarf qiling hamda mamlakatimiz nufuzini oshirishga o‘z hissangizni qo‘shing!
Mustaqil hayotga qadam qo‘yishni boshlar ekansiz, sizning kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilayman!
Aziz o‘quvchi yoshlar!
Siz Vatanimizning ertangi kelajagi, yurtimiz nomini dunyoga tanitguvchi ishonchimizsiz! Shunday ekan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Dunyoda eng katta boylik-yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir”, “Yoshlar – kelajagimiz poydevori” degan so‘zlari va Siz yoshlarga bo‘lgan katta ishonchini oqlab, nafaqat tumanimiz, butun respublikamizni ham dunyoga tanitadigan shijoatli, bilimli, har tomonlama yetuk yoshlar bo‘lib yetishasiz degan umiddaman.
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar, ota-onalar!
Joriy o‘quv yilida tumanimizdagi 14 ta ta’lim muassasasidan 458 nafar bitiruvchi mustaqil hayotga qadam qo‘ymoqda. Ularning 12 nafari oltin medal bilan maktabni tamomlayotgan bo‘lsa, 22 nafari muddatidan oldin talabalikka qabul qilinganligini ta’kidlashni istardim.
Shuningdek, xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bitiruvchilar soni 20 nafarni, milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritganlar soni 160 nafarni tashkil etmoqda. Bundan tashqari, 458 nafar 11-sinf bitiruvchilarining barchasi qisqa kasbga yo‘naltiruvchi kurslarda tahsil olib, sertifikatlar ega bo‘lishdi.
Fan olimpiadasining viloyat bosqichida Uchquduq tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari o‘quvchilari ham faol qatnashdilar. 2025 yil natijalariga ko‘ra, "Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab" tanlovining tuman bosqichida 7-maktab jamoasi 1-o‘rinni egallab, viloyat bosqichida faxrli 2-o‘ringa sazovor bo‘lib, 200 mln. so‘m mablag‘larni qo‘lga kiritdi.
Ayni damda o‘quvchilarimizning oldida yakuniy imtihonlar va oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari turibdi. Hech shubhasiz, ularning mustaqil hayot bo‘sag‘asida nurli manzillarni katta dovonlarni zabt etishlarida yana Siz ustozlarning va ota-onalarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi juda muhim hisoblanadi.
Aziz bitiruvchilar!
Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o‘tirgan, bir oila a’zolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo‘ladi.
Qayerda bo‘lmang, maktab partasida olgan bilimlaringiz sizga qo‘l kelishiga, kelgusida ularni yanada mustahkamlab borishingizga umid qilaman. Vatanimiz rivoji uchun o‘z hissangizni qo‘shishingizga aminman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ish va o‘qishlaringizda kattadan-katta muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman!
Maktab dargohidagi so‘nggi, mustaqil hayot yo‘lingizdagi ilk qo‘ng‘irog‘ingiz muborak bo‘lsin!
Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarimiz!.
E’tiboringiz uchun raxmat!
