Korrupsiya – uzoq tarixga ega ijtimoiy salbiy hodisa
2024-04-05 16:40:00 / Yangiliklar
Korrupsiya – uzoq tarixga ega ijtimoiy salbiy hodisa
Korrupsiya – bu ijtimoiy tuzumning shakllanishi bilan dastlabki belgilari paydo bo‘lgan qadimiy hodisa. Lotin tilidan tarjima qilingan “corrumpere” – mansabdor shaxsning o‘ziga ishonib topshirilgan vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar uchun foydalanishini bildiruvchi atama. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida bu hodisa turli vaziyatlarga va siyosiy rejim turlariga moslashib, o‘zgarib, yangi shakllarga ega bo‘ldi.
Insoniyat tarixida korrupsiyani tugatish yo‘llari va huquqiy asoslari Hindistonda yaratilgan. Bundan 2,5 ming yil avval yozilgan “Artxashastra yoxud Siyosat ilmi” kitobida (miloddan avvalgi IV-III asrlar) barcha boblar halol va vijdonsiz vazirlarni nayranglar orqali fazilat va illatlarini aniqlashga bag‘ishlangan. “Odob-axloq qoidalari to‘g‘risida”gi birinchi bo‘limda nazorat yordamida talon-taroj qilishga qarshi kurashish muhimligi ta’kidlangan, hamda davlat mulkini o‘g‘irlashning o‘nlab usullari sanab o‘tilgan va makkor amaldorlarning hiyla-nayranglariga butunlay barham berishning iloji yo‘qligi haqida bashorat qilingan. “Artxashastra”ning 26-bo‘limi aynan korrupsiyaga bag‘ishlangan. Bo‘limda korrupsiya “o‘zlashtirish” iborasi orqali izohlanadi. “Artxashastra”da poraxo‘rlikning qirqta turi tasnif etiladi. Korrupsiyaning oldini olishga javobgar mansabdor shaxs vaqti-vaqti bilan xalq to‘planadigan joylar va bozorlarda quyidagicha murojaat qilib turishi lozimligi aytiladi: “Biron bir boshliqdan zarar ko‘rganlar bo‘lsa, shu haqda bizga xabar bersinlar”.
Bundan tashqari korrupsiya illatiga antik davr faylasuflari va donishmandlari tomonidan ham e’tibor qaratilgan.
Platon bekamu-ko‘st davlat tushunchasi haqida fikr yuritar ekan, hokimiyat xizmatchilarini har qanday mulk masalasini hal qilish imkoniyatidan mahrum etishni orzu qilgan.
Aristotel korrupsiyani davlatning o‘limi, shuningdek, monarxiyaning zulmga aylanishining sabablaridan biri sifatida ko‘rgan. “Har qanday davlat tizimida – qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerakki, unda mansabdor shaxslarni noqonuniy yo‘l bilan boyishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim”. Shuningdek faylasuf korrupsiyaga qarshi kurashish usullaridan biri sifatida – bir amaldorga bir nechta lavozimlarni berishga yo‘l qo‘ymaslikni taklif qiladi. Aristotelning ushbu fikrlari xozirgi kunda ham dolzarligicha qolmoqda.
Muqaddas Kitob (Bibliya)da korrupsiya mazmunli va ibratli tarzda ifodalangan. Ya’ni uning amrlarida (zapoved) “Sovg‘alarni qabul qilmang, chunki sovg‘alar ko‘zni ko‘r qiladi, quloqni kar qiladi” (3. – chiqish 23, 8-oyat), “...o‘g‘irlik qilmang, yolg‘on guvohlik bermang, birovdan hech narsa istamang”, “begunoh insonning qonni to‘kish uchun pora olgan shaxsga la’natlar bo‘lsin!” deyilgan.
Gerodot (Tarix 5-kitob, 25-bob) asarida: “Qirol Kambiz, pora olib adolatsiz hukm chiqargani uchun qozini qatl etishni va terisini shilishni buyurgan”. Keyin qirol nopok qozining o‘rniga uning o‘g‘lini qozi qilib tayinlab, uni otasining terisi bilan o‘ralgan stulga o‘tirishga majbur qilgan.
1498 yilda yuqoridagi aytib o‘tilgan tarixiy syujet flamand rassomi Gerard David tomonidan Bryugge shahridagi sud zali devoriga chizilgan. Rassomning “Kambiz sudi” nomli ushbu asari qozilar uchun o‘ziga hos tarbiya hamda qozilar sha’nini eslatib turish uchun xizmat qilgan.
“Korrupsiya” atamasini birinchi bo‘lib bugungi kundagi tushunchaga yaqin ma’noda ishlatgan mashhur italyan siyosatchisi Nikkolo Makiavelli (1469-1527) bo‘lib, unga quyidagicha ta’rif bergan: “Davlat imkoniyatlaridan shaxsiy manfaatlar uchun foydalanish”; “mansabdor shaxslar tomonidan talon-taroj qilish tizimi”. Shuningdek, u korrupsiyani dastlab tanib olish qiyin, ammo davolash oson, keyin esa tanib olish oson, lekin davolash deyarli imkonsiz bo‘lgan kasallik bilan qiyoslagan.
Islom dinida ham pora harom qilingan, bu borada Qur’oni Karimning Baqara surasi 188 oyatida “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh ila yeyishingiz uchun uni hokimlarga tashlamang” deyilganligi Muqaddas islom dini ham korrupsiyaga, poraho‘rlikka qarshi ekanligidan dalolat beradi.
Imom Buxoriyning muborak hadislarda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron hukm borasida pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natlaganlar!”. Yana ul zot aytadilar: “Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!”.
Taniqli hanafiy olimi va faqihi Zayn al-obidin (Zayniddin) Ibn Nujaym al-Misriy al-Hanafiy (1519-1563) rahimahullohning mazkur «Pora va uning turlari» risolasida poraning bayoni, uning turlari haqida, uning zaminida qoziga olish joiz bo‘ladigan yoki umuman mumkin bo‘lmaydigan narsalar, poraning halol va harom bo‘ladigan holatlari to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Shuningdek, pora bilan hadiyaning orasidagi farq haqida, pora olganda uning egasi kim bo‘lishi haqida, pora oluvchilarning ta’zirini berib qo‘yilganda, oshkora hammaga ma’lum qilinishi borasida ham so‘z yuritilgan.
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning adolat haqidagi qarashlari, uning asarlarida (“Qozilar haqida”, “Qonunshunos muftiylar zikrida”) ta’sirchan qilib yoritilgan. Uning fikricha, qonunshunosning fikri g‘ayriqonuniy tarafga og‘masligi, ko‘ngli hiylagarlikdan xoli, fikr mezoni to‘g‘ri, axloqsizlikdan yiroq bo‘lishi, pora evaziga haqni nohaq va nohaqni haq qilmasligi zarur. Hazrati Navoiy asarlarida pora oladigan har qanday qonunshunos jamiyatga zarar keltiradi, qonun va adolat ustuvor bo‘lgan jamiyatdagina chin ma’noda yuksak taraqqiyot yuzaga keladi deb e’tirof etilgan.
Shuningdek Alisher Navoiy adolat tuyg‘usini har bir inson, har qaysi xalq va millat intilib yashaydigan oliy mezon darajasiga ko‘targan hamda odamzodni hayotda adolatni qaror toptirishga, uni asrab-avaylashga chorlab o‘tgan.
Alisher Navoiyning zamondoshi, podshoh Husayn Boyqaroning voizi Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” asarida pora haqida shunday ta’rif berilgan: “Ish yurituvchi amaldorlar pora olishdan ehtiyot bo‘lsin. Bilsinki, to bir kishi boshqalardan pora olmasa, boshqaga pora bermaydi. Agar vazir pora olishga sabab bo‘lsa, pora olishga ruxsat bergan bo‘ladi. Pora berish va pora olish haromdir. Va pora olgan pora bergandan yomonroqdir”.
Xalqaro moliya sohasida 25 yil davomida ishlagan, Jahon bankining sobiq katta menedjeri Piter Eydjen, u yerda sodir bo‘layotgan noqonuniy ishlarning guvohi bo‘lganligi uchun xizmatni tark etgan va o‘zinining hayotini butun dunyo bo‘ylab korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlagan. U korrupsiya muammosini o‘rganish jaryonida hozirda taniqli bo‘lgan “Xalqaro shaffoflik” tashkilotini (Transparency International) yaratdi. Ushbu tashkilot har yili “Korrupsiyani idrok etish indeksi” – CPI deb ataladigan dunyo mamlakatlari reytingini e’lon qilib boradi.
Yuqoridagi reytingning paydo bo‘lishi bilan dunyoda korrupsiyani o‘rganishga qiziqishning kuchayishiga va uning ilmiy izlanishlarining faollashishiga yordam berdi.
“Xalqaro shaffoflik” tashkilotining bevosita ishtirokida mansab vakolatlarini suiisteomol qilishga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha bir qator xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi.
Korrupsiya muammolariga e’tibor kuchayishi natijasida, 1995 yil 31 dekabrda Britaniyaning “Financial Times” gazetasi 1995 yilni “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.
Bu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholandi va 2003 yil 1 noyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi Konventsiya” imzolanishi jaryonida, 9 dekabr “Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” deb e’lon qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyoda har yili 1 trillion AQSh dollaridan ortiq hajmida pora beriladi. Jahon iqtisodiyoti esa har yili Korrupsiyaning oqibatlari tufayli 2,6 trillion dollar mablag‘ yo‘qotadi, bu jahon yalpi ichki mahsulotining 5 % ini tashkil qiladi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birmuncha islohotlar amalga oshirildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konventsiyasiga, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i – Istanbul harakat dasturiga qo‘shildi. Xalqaro va milliy huquq me’yorlariga asoslangan Korrupsiyaga qarshi kurashishning Milliy rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida” qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bir necha farmon va qarolari qabul qilindi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davom etayotganiga qaramay, mazkur illat davlatning barcha sohalarida keng tarqalganligi mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga albatta o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda Respublika bo‘yicha sudlar tomonidan jami 4 607 ta korrupsiyaga oid jinoyat ishlarida 6 535 nafar shaxs (2022-yilda 7 414 nafar shaxs) jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida, 2023-yilda davlat manfaatlariga jami 1 trln. 435 mlrd (2022-yilda 2 trln. 43 mlrd) so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlandi. Ushbu zararning 745 mlrd so‘mi yoki 51 foiz qoplangan.
Ushbu yo‘nalishdagi ma’lumotlar tahlili, korrupsiyaga qarshi kurashda yetkazilgan zararni to‘liq qoplash, korruptsionerlarga qarshi qaratilgan jinoyatlarga keskin jazo qo‘llashni kuchaytirishni ko‘rsatmoqda. Shuningdek, bugungi kunda ushbu illatdan holis bo‘lish uchun korruptsionerlar ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalari orqali ochiq namoyish qilishni yo‘lga qo‘yish, poraxo‘rlar va korruptsionerlar o‘tirgan qamoqxonalarga mansabdor shaxslarni ekskursiyaga olib borish, korruptsioner amaldorlar tomonidan o‘g‘irlangan pullarni Xalq banki kassalariga topshirish jarayonini keng jamoatchilikka ko‘rsatish, korrruptsiyaga oid qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikka xukm qilingan shaxslarni mansabdorlik lavozimiga qo‘yilmaslik hamda shunday shaxslarni davlat va boshqa mukofatlarga tavsiya qilmaslik zarur.
Shuning uchun har bir fuqaro go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, yorug‘ kelajagi uchun avvalambor o‘zi mas’ul ekanligini unutmasligi kerak.
Zero, tarix o‘tmish fani sifatida bugungi kunni to‘g‘ri yo‘naltirishga va kelajakka yo‘l topishga intilayotganlar uchun doimo foydalidir.
Turdikulov Shuxrat Xudoykulovich,
Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga
qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i,
sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)