Korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat va davlatning muqaddas burchidir.
2024-03-12 16:40:00 / Yangiliklar
Korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyat va davlatning muqaddas burchidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirish uchun eng muhim vazifalardan biri bu, jamiyat ongini tubdan o‘zgartirish, jamiyatda Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirishdir. Bu muammoni hal qilish uchun, birinchi navbatda, aholining huquqiy madaniyatini tizimli ravishda oshirib borish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartib-taomillarining to‘liq shaffofligiga erishish, shuningdek, barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida doimiy ravishda maqsadli profilaktika ishlarini olib borish orqali erishiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev, 2023 yil 19 dekabrda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimidagi o‘z nutqida: “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani ishlab chiqib, hayotga tatbiq etilishi, davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u berilishi” - haqida ta’kidlab o‘tgan edi.
Ushbu strategiyani amalga oshirish uchun, investitsiyalarni jalb qilishda qulay sharoitlar yaratishga to‘sqinlik qiluvchi Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, davlat xaridlarning tartiblari, shartlari va mexanizmlarini takomillashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolik kodeksini ko‘rib chiqib modernizatsiya qilish, Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuning talablariga to‘liq rioya qilinishini nazorat qilish va “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni davr taqoza qilmoqda.
Keyingi vaqtlarda respublikamizda nodavlat notijorat tashkilotlarining Korrupsiyaga qarshi kurashdagi o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda Korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamiyatning taraqqiy etishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek Prezidentimiz yuqorida aytib o‘tilgan anjumanda Korrupsiya muammolari bo‘yicha Mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish taklifini berdi.
Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan ushbu markaz, davlat tashkilotlarida Korrupsiyaning tarqalishiga qarshi kurashish sohasida keng ko‘lamli va izchil siyosatni amalga oshirishda, ushbu sohada davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda, qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini shakllantirishda, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va chora-tadbirlar ishlab chiqishda, Korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etishga xizmat qilishda, xalqaro tajribani o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi.
Ushbu anjumanda Prezidentimiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining salohiyat va imkoniyatlarining yanada oshirilishini va Korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” - korruptsion surishtiruv instituti joriy etilishini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli farmonga muvofiq, 2020 yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tuzilgan.
Agentlikning salohiyat va imkoniyatlarini oshirish uchun albatta xorijiy tajribalarni o‘rganishimiz zarur. Masalan: Qozog‘iston Respublikasida 2014 yilda tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mustaqil vakolatli tashkilot bo‘lib, Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, fosh etish va tergov qilish uchun mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organi hisoblanadi. Ushbu agentlik Qozog‘iston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdor.
Janubiy Koreyaning “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuniga (01.01.2002 yil) asosan Korrupsiyaga qarshi kurash tashkiloti har qanday shaxsning arizasiga ko‘ra dastlabki tergovni boshlashi shart. Agar fuqaro Korrupsiya to‘g‘risida yolg‘on xabar bersa, buning uchun u qattiq jazolanadi.
Singapurda Korrupsiyaviy faoliyatni tergov qilish byurosining (CPIB) asosiy vazifasi ham davlat tashkilotlarida, ham xususiy sektorda Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va tergov qilishdan iborat. Uning asosiy funktsiyalari qilib: Korrupsiyaga oid shikoyatlarni qabul qilish va tekshirish, davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan Korrupsiyaga oid qonunga xilof xatti-harakatlar va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarini tekshirish, davlat organlari faoliyatini tahlil qilgan holda ulardagi korruptsion harakatlarni minimumga tushirish - belgilangan.
Yuqorida ko‘rsatilgan va boshqa ko‘pgina davlatlardagidek O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga tergov qilish vakolatlarini berish va huquqni muhofaza qiluvchi organi tarkibiga kiritish, hozirgi davrda qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Bundan tashqari yuqorida aytib o‘tilgan tadbirda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish Global resursi (GRACE) dasturini O‘zbekistonda keng joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezident tomonidan aytib o‘tildi.
2021-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish rolini yanada oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Global Resurs tashabbusi dasturini boshlagan edi.
Global Resurs tashabbusi dasturi xalqaro hamjamiyatga Korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik madaniyatini shakllantirish uchun pedagoglar, olimlar, yoshlar va Korrupsiyaga qarshi kurash idoralari bilan ishlash bo‘yicha bilim va tajribani taqdim etadi.
Tashabbus dasturi missiyasi ta’lim va hamkorlikning o‘zgartiruvchi kuchidan foydalangan holda bolalar va yoshlar o‘rtasida Korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik madaniyatini shakllantirishdan iborat.
Dasturning asosiy komponentlar Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim, oliy ta’lim va tadqiqotlar, yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov, namanganlik yoshlar bilan o‘tkazgan muloqot chog‘ida, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgani surilgan BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi (GRACE) dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanganligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek u, ushbu “Yo‘l xaritasi” doirasida yoshlarda Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va ularning faolligini oshirishga qaratilgan “Halollik qadriyatlari”, “To‘g‘rilik, mehnatsevarlik - xotirjam hayot asosi”, “Korrupsiya - davlatni yemiruvchi, insonni tubanlashtiruvchi illat” mavzularida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi, “O‘quvchi-yoshlar halollik tarafdori” o‘n kunligi va “Halollik to‘garaklari” nomli tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib borilishi hamda kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalarida esa “AksilKorrupsiya kovorking markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yilishini bildirdi.
Mamlakatimiz aholisining 60%ni tashkil etuvchi yoshlarning Korrupsiyaga qarshi faolligini oshirish jamiyat oldida turgan muammoni hal qilishning kalitidir.
Korrupsiyaning oldini olish va halollikni yoshlar orasida izchil targ‘ib qilish uchun ta’lim muassasalari muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun bolalar va yoshlarga hurmat, odob-axloq, halollik va qonun ustuvorligi kabi tushunchalarini har tomonlama singdirish juda muhim masalalardan biridir.
Yurboshimiz anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murakkab jarayonlarda eng oldingi saflarda borayotgan jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish taklifini bildirdi. Albatta, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarining xorijiy hamkorlar bilan tajriba almashishi uchun muhim rol o‘ynaydi hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Turdikulov Shuxrat Xudoykulovich, Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i, sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)