TIZIMDAGI MUHIM MASALALAR MUHOKAMA QILINDI
2025-02-19 16:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda suv xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 17-dekabrdagi 263-sonli hamda Amu-Surxon ITHBning 2024-yil 25-dekabrdagi 99-sonli buyruqlari ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
Yuqoridagi buyruqlarga asosan Surxondaryo viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi tugatilib, boshqarma tasarrufidagi suv omborlari, mavjud mol-mulk va ishchi-xodimlarning shtat birliklari «Amu-Zang», «Surxon-Sherobod», «To‘palang-Qoratog‘» irrigatsiya tizimi boshqarmalariga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, DMlar balansidagi sug‘orish tarmoqlari qaysi irrigatsiya tizimi boshqarmasiga tegishliligiga aniqlik kiritish talabi qo‘yilgan.
Biroq tizim tashkilotlari va DMlar mutaxassislari tomonidan hamon sug‘orish tarmoqlarini balansga olish va balansdan balansga o‘tkazish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish, egalik huquqi yuzasidan shartnomalar tuzish, qaysi sug‘orish tarmog‘i qaysi suv yetkazib beruvchi tashkilotga tegishliligi bo‘yicha chigalliklar hal qilinmagan.
Yig‘ilishda sug‘orish tarmoqlari va suv xo‘jaligi obyektlarini balansdan balansga o‘tkazish bo‘yicha hal bo‘lmayotgan masalalar chuqur tahlil qilindi hamda mutasaddilarga muammoli masalalarni uzog‘i bilan ikki kunda hal qilib, tegishli hujjatlarini zudlik bilan rasmiylashtirish topshirig‘i berildi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati