ENDI SOHADA TUB O‘ZGARISHLAR BO‘LADI
2025-02-11 14:40:00 / Yangiliklar

Oxirgi yillarda suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va isloh qilish yuzasidan Prezidentimiz va hukumat tomonidan qator farmon hamda qarorlar qabul qilindi. Natijada suv xo‘jaligida katta o‘zgarishlarga erishilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-5-sonli qarori suv iste’molchilari bilan bevosita hamkorlikda mehnat qiladigan quyi bo‘g‘in, ya’ni tumanlardagi «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga keng yo‘l ochdi. Qarorda belgilangan vazifalarga ko‘ra, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan budjetga tushgan tushumning 40 foizi «Suv yetkazib berish xizmati» DMlari faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilayotgani o‘z samarasini bera boshladi.
Amu-Surxon ITHBning «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan yil viloyat tumanlaridagi DMlari jamoalari tomonidan iste’molchilar dalalarini suv bilan ta’minlash va ko‘rsatilgan boshqa xizmatlar uchun soliqdan budjetga tushadigan tushumning 40 foizi ajratilishi hisobiga ularning xazinasiga 56 milliard so‘m tushishi prognoz qilinmoqda. O‘sha ma’lumotda keltirilganidek, joriy yilning 11 fevral holatiga viloyatning barcha tumanlari DMlari hisob raqamiga 3,5 milliard so‘m tushgan.
Ayonki, suv xo‘jaligida asosiy ishlarni texnikasiz amalga oshirish mushkul. Shuning uchun ham DMlar rahbariyati mablag‘ning asosiy qismini tashkilotning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirayapti. Masalan, o‘tgan yilgacha birorta texnikaga ega bo‘lmagan Muzrabot hamda Denov tumanlari irrigatorlari hozir ikkitadan texnikaga ega. Har ikki tuman davlat muassasalari suvchilari o‘tgan yil iste’molchilar dalalariga yetkazib berilgan suv va boshqa ko‘rsatilgan xizmatlar uchun undirilgan soliq tushumlari evaziga zamonaviy betonqorgich (Mikser) texnikasi xarid qilgan. Zamonaviy texnikalar irrigatorlarga kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirishda har jihatdan yengillik tug‘dirishi barobarida ish sifati va unumini oshirishga xizmat qilayapti. Texnikalar yordamida bu ikki tuman suvchilari sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha topshiriqni hozirgacha 70 foizga uddalashdi, shuningdek, kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarini mexanizmlar bilan tozalashda boshqa tumanlar irrigatorlariga o‘rnak bo‘lishayapti.
– Bundan uch-to‘rt yil ilgari tumanlarda faoliyat ko‘rsatgan irrigatsiya bo‘limlari xodimlariga ishni tashkil qilish juda mashaqqat edi, – deydi Angor tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM hisobchisi Shuhrat Amonniyozov. – Xarajatlar smetasining 4-guruhiga mablag‘ deyarli ajratilmasdi. Vaholanki, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash, ulardagi gidrotexnik inshootlar va gidropostlarni almashtirish, yaroqsizlari o‘rniga yangisini o‘rnatish hamda bu inshootlarni bo‘yoqlash uchun hatto oddiy bo‘yoq xarid qilishga ham mablag‘imiz yo‘q edi. Kuz-qish mavsumida sug‘orish tarmoqlarini tozalash jarayonida zarur bo‘ladigan ekskavatorni ba’zida havza boshqarmasi ajratsa, ko‘pincha qaysidir tadbirkor yoki fermer xo‘jaligidan iltimos qilib olib kelardik. Tadbirkor yoki fermer ham ekskavatori yoki boshqa texnikasini nari borsa, bir kunga berib turardi. Iltimos qilib olib kelingan texnikani ishlatish uchun dizel yoqilg‘isi topish ham irrigatorlarga og‘riqli muammo edi. Oqibatda kanallar va ichki sug‘orish tarmoqlari to‘liq tozalanmas, faqat mahallalar fuqarolari va fermer xo‘jaliklari a’zolarini jalb qilish hisobiga ichki sug‘orish tarmoqlari qo‘l kuchida tozalanardi. Boz ustiga sug‘orish tarmoqlaridagi gidrotexnik inshootlar va gidropostlar ham to‘liq ta’mirlanmasdi.
Bugun Angor tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM hisob raqamida 600 million so‘m bor, yaqin kunlarda bu raqam yanada yiriklashadi. Bu mablag‘ DM balansidagi obyektlarni saqlash hamda texnik holatini yaxshilash xarajatlariga sarflanmoqda. Yaqin kunlarda sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish uchun foydalaniladigan betonqorgich (Mikser) texnikasi xarid qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 79-sonli qaroriga asosan DMga zamonaviy ekskavator ajratilmoqda. Qisqasi, suvchilarning samarali mehnati evaziga xazinaga tushayotgan daromad hisobiga kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish uchun sement, tosh-shag‘al, gidroinshootlar hamda gidropostlar va suv olish quloqlarini jihozlash uchun zarur mahsulotlar olinayapti. Xodimlarni qo‘shimcha rag‘batlantirish hamda yordamchi xo‘jalikni kengaytirib, qo‘y, parranda, o‘rdak va baliq boqish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mavridi kelganda shuni aytish kerakki, 2024 yil irrigatorlar PQ-5-sonli qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida suv resurslaridan foydalanganlik uchun iste’molchilardan haq undirilishiga ishonib-ishonmay ish yuritishgani, bu borada tajriba kamligi natijasida iste’molchilar bilan shartnomalar tuzish, yetkazib berilgan suvning aniq hisobi-kitobi bo‘yicha dalolatnomalarni rasmiylashtirishda kamchilik va xatolarga yo‘l qo‘ygani ham bor gap.
Bugun viloyatning barcha tumanlari DMlari hisob raqamida mablag‘ bor. Bu esa irrigatorlarni burchlarini sidqidildan ado etishga ruhlantirmoqda. Soliqdan undirilgan mablag‘ evaziga xarid qilingan sement, tosh-shag‘al va boshqa xomashyolar hisobiga DMlar balansidagi kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarining 264 kilometr uzunlikdagi qismi betonlashtirildi. Shuningdek, gidrotexnik inshootlar va gidropostlar ta’mirlanayapti. Kanallar va ichki sug‘orish tarmoqlarini tozalash-ta’mirlash ishlari yuqori sur’atlarda davom ettirilmoqda.
Shubhasiz, 2025 yil Surxondaryo viloyati suv xo‘jaligi tashkilotlarida ulkan muvaffaqiyatlar yili bo‘ladi. DMlar xodimlari egallab turgan vazifalariga nisbatan mas’uliyat bilan yondoshsa, iste’molchilar bilan shartnomalarni o‘z vaqtida tuzish, yetkazib berilgan suv va ko‘rsatilgan boshqa xizmatlar uchun dalolatnomalarni rasmiylashtirishga munosabatni tubdan o‘zgartirsalar, DMlar hisob raqamida hamisha pul bo‘ladi. Bu esa suvchilarni qo‘shimcha rag‘batlantirish, yordamchi xo‘jaliklarni kengaytirish, texnikalarga yoqilg‘i-moylov materiallari va ehtiyot qismlar xarid qilish, kanallar va boshqa sug‘orish tarmoqlarini tozalash-ta’mirlash, gidrotexnik inshootlar va gidropostlarni sozlash-jihozlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Usmonali Normatov,
Amu-Surxon ITHB matbuot kotibi
