Asosiy kontentga o'tish

DO‘STONA UCHRASHUV NATIJALARI

2025-01-30 15:05:00 / Yangiliklar

2025-yil 30-yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda takliflar ishlab chiqish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining 12-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, «Sirdaryo» havzasi suv xo‘jaligi birlashmasi boshlig‘i O.Xolxo‘jayev, ikki davlat suv xo‘jaligi mutaxassislari ishtirok etdi.

Suv resurslari taqchilligi ortayotgan hozirgi sharoitda Sirdaryo daryosi va davlatlararo kanallar suv resurslaridan samarali foydalanish dolzarb hisoblanadi. Ikki davlat o‘rtasida suv resurslaridan bahamjihat foydalanish bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Abu-Dabi Barqaror rivojlanish haftaligi” sammitidagi nutqida O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilishga tayyor ekanligini ta’kidlagan edi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarning joriy etilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi, tomonlar bu borada tajriba almashishni maslahatlashib oldilar.

Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda takliflar ishlab chiqish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhining yig‘ilish bayoni imzolandi.

Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

Axborot xizmati

511

Oxirgi yangilanish: 2025-01-30 15:07:55

DO‘STONA UCHRASHUV NATIJALARI