SUV XO‘JALIGI XODIMLARIGA
2024-12-28 09:20:00 / Yangiliklar
Assalomu alaykum!
Barchangizni kirib kelayotgan quvonchli va shukuhli ayyom – Yangi yil bayrami bilan mamlakatimiz miroblari nomidan samimiy tabriklayman.
Hurmatli Prezidentimiz qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida suvni va sarflanayotgan elektr energiyasini tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidladi.
“2024-yil – “sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yili” suv xo‘jaligi sohasi uchun tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi.
Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimi takomillashtirildi, 159 ta “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi tashkil etilib, iste’molchilarga 26 mlrd m3 suv yetkazib berildi, 8 mlrd m3 suv tejaldi.
525 km magistral va xo‘jaliklararo kanallar, 13,5 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari betonlandi.
326 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, 507 ming gektar maydon lazerli tekislandi.
350 mln kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilindi.
Suv xo‘jaligining barcha bo‘g‘inida xodimlarning ish haqi oshirildi.
2025-yil – “nasoslar samaradorligini oshirish yili”da vazirligimiz oldida qator muhim vazifalar turibdi.
570 km magistral kanallar va 15 ming km ichki sug‘orish tarmoqlari beton qoplamaga o‘tkaziladi.
Suv tejaydigan texnologiyalar qamrovi 2,4 mln gektarga yetkaziladi.
150 ta nasos, 166 ta elektrodvigatellar yangilanadi va energotejamkor qurilmalar o‘rnatildi.
Qishloq xo‘jaligida 10 mlrd m3 suv iqtisod qilinadi.
Raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik, xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.
Suv xo‘jaligida kuzgi-qishki tadbirlar sohaning taqdirini hal qiladi. Nasos stansiyalari, gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash va boshqa yumushlarni jadal davom ettiramiz.
Suvchilarimiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir jonu bir tan bo‘lib, oldimizga qo‘yilgan marralarga erishishlariga va o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni oqlashlariga ishonaman.
Barchangizni yana bir bor Yangi yil bilan tabriklayman. Sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxt tilayman.
Yurtimiz tinch, suvimiz mo‘l va barakali bo‘lsin.
2025-yil xayrli, fayzli kelsin!
Shavkat Xamrayev,
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
2024-yil 28-dekabr