ASOSIY VAZIFAMIZ – SUV XO‘JALIGIDA TEJAMKORLIK VA OMILKORLIK
2024-12-20 09:30:00 / Yangiliklar
Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining
oldini olish bundan buyon ham biz uchun
dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.
Shavkat MIRZIYOYEV
Suv muqobili bo‘lmagan ulug‘ ne’mat. U hayvonot va nabotot, butun borliqning tiriklik manbai. Mamlakatimizning 20 foizga yaqin suv resuri o‘zimizda, qolgan qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib, aholi soni va suvga talab ortib bormoqda. Bularning ta’sirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti.
Dunyoda suv muammolari global tus olayotgan hozirgi sharoitda Markaziy Osiyoning umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, taraqqiyotga erishishning muhim omillaridan biridir. Prezidentimiz bu masalalar yechimiga alohida e’tibor qaratib, tashqi va ichki siyosatimizda o‘ta muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Oqilona siyosat, sa’y-harakatlar natijasida qo‘shni davlatlar bilan yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro do‘stona va ishonchli aloqalar Markaziy Osiyodagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Bu resurslardan birgalikda foydalanish bo‘yicha ko‘p yillar yechilmay kelgan masalalar eng yuqori darajada muhokama qilindi.
BMT Bosh Assambleyasi, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari uchrashuvlari va boshqa nufuzli anjumanlarda Prezidentimiz mintaqaning barcha respublikalari bilan umumiy chegaraga ega O‘zbekiston taraqqiyotining chegaralar xavfsizligidan suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarga bevosita bog‘liq ekanini ta’kidladi. Joriy yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP 29)da transchegaraviy suv resurslari ifloslanishining oldini olish va barqaror bioxilma-xilligini saqlashda yagona yondashuvlar zarurligiga urg‘u berilgani buning yana bir tasdig‘idir.
Qo‘shni davlatlarning suv xo‘jaligi vazirlari, diplomatlari bilan uchrashuvlarimiz, muzokaralarimiz chog‘ida ular O‘zbekiston Prezidenti nafaqat o‘z xalqi, balki mintaqa xalqlari manfaatini ko‘zlab xalqaro minbarlarda yangi tashabbuslarni ilgari surayotganini e’tirof etishadi.
O‘zbekiston foydalanadigan suv resurslarining 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi sohasida sarflanyapti. Mintaqada irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari eng ko‘p va yirik suv xo‘jaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanib, sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 60 foizdan ortiq yer nasos stansiyalari yordamida sug‘orilishi, 50 foizga yaqin sug‘oriladigan maydon turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, meliorativ tadbirlar o‘tkazilishi vazifalarimiz murakkabligini ko‘rsatadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi va farovonlikni ta’minlash uchun sohadagi muammolarga yechimlar berlmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida suvni hamda sarflanayotgan elektr energiyasini tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini ta’kidlandi.
Shu bois, “2024-yil sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilingan bo‘lsa, 2025-yil “nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘ldi.
Shundan kelib chiqib, qilinadigan birinchi muhim vazifamiz – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga ko‘ra, irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 milliard kub metr suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘lyapti.
Davlat budjetidan 676,7 milliard so‘m ajratilib, 75 ta obyekt doirasida 555 kilometr kanal rekonstruksiya qilindi, shundan 433 kilometri betonlandi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarning davlat budjeti qismi bo‘yicha “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash 2-bosqich” loyihasiga 121 milliard so‘m ajratilib, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 160 kilometr kanal modernizatsiya qilindi.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tashabbuskorligida klaster, fermer xo‘jaliklari tomonidan 13,5 ming kilometr ichki sug‘orish tarmog‘i betonlandi. Betonlangan irrigatsiya tarmoqlarida filtratsiya (yerga shimilib ketish) kamayib, suvni boshqarish tizimi takomillashdi, 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilandi. Irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,66 dan 0,67 ga oshdi.
Misol uchun, Buxoro viloyati Olot tumanida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarning 3 ming gektariga suv yetib borishi nihoyatda qiyin edi. 2024-yilda tumandagi 5 ta kanalning 21 kilometr qismi betonlanishi natijasida 11,2 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilandi.
Jizzax viloyatida Jizzax bosh nasos stansiyasidan suv oluvchi DM-1, DM-2 va DM-3 kanallarini betonlash va rekonstruksiya qilish orqali Zarbdor, Zomin, Paxtakor va Sh.Rashidov tumanlaridagi 364 ta fermerning 58 000 gektar yer maydonida suv ta’minoti yaxshilandi. Agar bungacha Sh.Rashidov tumanining Qulpisar hududiga 4-5 kunda suv yetkazilgan bo‘lsa, endi bu muddat 3 kunga qisqardi.
Bu boradagi ishlar 2025-yilda yanada jadal davom ettiriladi. Sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 76 ta obyektga 800 milliard so‘m yo‘naltirilib, 570,4 kilometr kanal, 21 kilometr lotok va 45,3 kilometr yopiq quvurli sug‘orish tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi. 300 ming gektar maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi, kanallarda yiliga o‘rtacha 450 million kub metr suv yo‘qotilishini kamaytirishga erishiladi.
Ikkinchi muhim vazifa — nasoslar samaradorligini oshirish. Bugungi kunda sug‘orishga davlat budjeti hisobidan 1 ming 700 ga yaqin nasos stansiya ishlatilmoqda. Ularga bir yilda 7 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi talab etiladi.
Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi. 2024-yilda 156 ta nasos, 154 ta elektrodvigatel yangilandi. 2 388 ta yorug‘lik diod chiroq, 109 ta quyosh batareyasi va suv isitish qurilmasi, 85 ta chastota o‘zgartiruvchi, 102 ta kondensator qurilmasi o‘rnatildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida elektr energiyasining yillik sarfini 1,5 milliard kilovatt-soat kamaytirishga erishildi. Ya’ni 2017-yilda elektr energiyasi sarfi 8,3 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 6,8 milliard kilovatt-soatga tushdi. 2024-yil yakuni bo‘yicha limitga nisbatan 350 million kilovatt-soat elektr energiyasini tejash ko‘zda tutilgan.
Uchinchi muhim vazifa — suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish.
2024-yilda 326 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 82,7 ming gektarda tomchilatib, 39 ming gektarda yomg‘irlatib, 30,6 ming gektarda diskret, 174 ming gektarda egiluvchan quvur va egatga plyonka to‘shab sug‘orish joriy qilindi hamda 507 ming gektar maydon lazerli tekislandi.
Suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 2017-yilda 28 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 1,9 million gektarga, shu jumladan, tomchilatib sug‘orish 561 ming gektarga yetkazildi. Tejamkor texnologiyalardan foydalanish hisobiga joriy yilda 2 milliard kub metr suv tejalishiga erishildi.
2025-yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiya o‘rnatiladi. Buning uchun imkoniyatlar yetarli. Respublikada suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish bo‘yicha 2018-yilgacha bor-yo‘g‘i 3 ta korxona faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 62 taga yetkazildi. Ular bir yilda 500 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oladigan mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Kelgusi uch yilda ham qishloq xo‘jaligi texnikasining 15 foizi va lazerli tekislagichning 30 foizini subsidiyalash amaliyoti davom ettiriladi. Qoraqalpog‘istonda qo‘llangan lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi Xorazm viloyatida ham tatbiq etiladi.
To‘rtinchi muhim vazifa – raqamlashtirish. Prezidentimiz 2024-yil 7-noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan bir yo‘li raqamlashtirish ekanini alohida ta’kidladi. Bu boradagi ishlarga 2021-yilda jiddiy kirishilgan edi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, to‘rt yilda onlayn rejimda suv ombori va irrigatsiya tizimining 12 988 ta suv o‘lchash postida suv resurslarini kuzatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 8 894 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida sizot suv ko‘rsatkichlari va yerning minerallashganlik darajasini nazorat qiluvchi “DIVER”, 1 739 ta nasos stansiyasida suv sarfini monitoring qilish qurilmalari o‘rnatildi. 80 ta yirik suv xo‘jaligi obyekti boshqaruvi avtomatlashtirildi.
Vazirlik huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etilyapti. Unda suv iste’moli va hisobini yuritishning yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. Shuningdek, ilg‘or xorijiy davlatlar hamkorligida ulardagi yutuqlar sohamizga jalb qilinyapti.
Do‘stlik tumanida Xitoy kompaniyasini jalb qilgan holda suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha umumiy qiymati 22 million dollarlik loyiha yakuniga yetkazildi. Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilgan. Avtomatlashgan boshqaruv natijasida 20 foiz sug‘orish tarmog‘ini ta’mirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi. Ilk bor suvga oldindan to‘lov bo‘ladi.
Joriy yil 16-noyabr kuni Do‘stlik tumanida respublika ko‘rgazmali seminari o‘tkazildi hamda hududlardagi 1 tadan tumanda investorlarni jalb qilgan holda suv resurslari boshqaruvini avtomatlashtirish loyihalari amalga oshirilishi belgilab olindi.
Suv xo‘jaligi sohasida xorijiy investitsiya salmog‘ini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, yerning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha ham samarali ishlanyapti.
2024-yilda 7 ta loyiha doirasida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 109 million dollar o‘zlashtirildi. 180 ta tik quduq burg‘ulandi, 223 ta gidrotexnik inshoot va 62 kilometr kanal rekonstruksiya qilindi.
2020–2023-yillar davomida umumiy qiymati 6 trillion so‘mlik 452 ta davlat-xususiy sheriklik loyiha bitimi imzolandi va davlat reyestridan o‘tkazildi. Xususan, 2023-yilda 300 ta nasos stansiyasi va 6 ta quduq xususiy sektor boshqaruviga berildi. Loyihalarda 83,3 million kilovatt elektr energiyasini iqtisod qilish, 120 milliard so‘m budjet mablag‘ini tejash nazarda tutilgan. 6 ta tumandagi barcha suv xo‘jaligi obyektlari, jumladan, 92 kilometr irrigatsiya va 245 kilometr melioratsiya tarmog‘ri, 3 ta nasos stansiyasi, 170 ta kuzatuv qudug‘i to‘liq xususiy boshqaruvga berildi.
2024-yilda 500 ta suv xo‘jaligi obyektini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida xususiy sektor boshqaruviga berish bo‘yicha ish olib borildi. Xususiy sheriklar bilan bitimlarni imzolash jarayoni davom etmoqda.
Betonlangan kanallarda suv oqimi tezlashadi. Bu kichik GESlar qurib, elektr olishga katta imkoniyat. Shu bois, Navoiy viloyatida 11 megavattli 148 ta shunday stansiya qurish boshlangan. Hududlarda 2 mingta mikroGES qurib, yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkin.
Bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ish — sohadagi yana bir manba. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida shunday inshootlar barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor. Bu borada “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Respublikamizda sug‘oriladigan maydonlarning 2 million 442 ming gektari sho‘rlanmagan, 1 million 883 ming gektari turli darajada sho‘rlangan. 2,3 million gektarda ochiq kollektorlar, 465 ming gektarda yopiq-yotiq gorizontal drenajlar va 277 ming gektarda vertikal drenaj quduqlar xizmat qiladi. Ularning umumiy uzunligi 144 ming kilometr.
2024-yilda 10 ming kilometr melioratsiya obyekti qurish va rekonstruksiya qilish hamda tamirlash-tiklash natijasida sho‘rlangan maydonlar 510 ming gektar kamaydi. 555 kilometr irritsiya tarmog‘i betonlanishi natijasida filtratsiya kamayib, sho‘rlangan yer 235,6 ming gektar qisqardi.
Suv tekin emasligini iste’molchilarga tushuntirish, obihayotning qadri va qiymati, uni asrashni targ‘ib qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar qilindi. Aholining suvdan foydalanish madaniyati yuksalib, uning har tomchisini tejash ommaviy harakatga aylanib bormoqda.
Umuman olganda, 2024-yil suv xo‘jaligi sohasi uchun tub o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Prezidentimizning 2024-yil 5-yanvardagi qarori bilan respublika bo‘yicha 155 ta tuman irrigatsiya bo‘limi hamda 161 ta suv xo‘jaligi maxsus xizmati tugatilib, ularning negizida xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan 159 ta tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasai tashkil etildi. Suv yetkazib berish xizmatlari xodimlarining oylik maoshi manbasi hal qilindi va ish haqi miqdori ikki baravardan ziyod oshirildi.
1-apreldan 1-oktabrgacha bo‘lgan sug‘orish mavsumi uchun respublika bo‘yicha jami suv manbalaridan 31,5 milliard kub metr suv olish limiti ajratilib, shundan sug‘orish ishlariga 28,2 milliard kub metr limit tasdiqlandi. Amalda sug‘orishga 29,7 millard kub metr suv yetkazib berildi. Yil yakuni bo‘yicha qishloq xo‘jaligida 8 milliard kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan.
2024-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 so‘m etib belgilandi. Suv yetkazib berish xizmatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun davlat budjetidan 150 milliard so‘m ajratilib, maxsus texnika vositalari xarid qilindi. Prezidentimizning 2024-yil 7-maydagi farmoniga muvofiq, Suv xo‘jaligi vazirligining faoliyati uch bo‘g‘inga ajratilib, vertikal boshqaruv tizimi tashkil qilindi. O‘rta va yuqori bo‘g‘in xodimlarining oylik maoshi oshirildi.
Ilm-fan va ishlab chiqarish uzviyligi doimiy e’tibordagi masaladir. Ilmiy va innovatsion ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan yaqin hamkorlikda ishlanyapti.
Suv xo‘jaligi sohasidagi muammolar yechimiga qaratilgan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2 ta fundamental, 6 ta amaliy hamda 20 ta ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishi bajarilmoqda. Loyihalarning umumiy qiymati 7,3 milliard so‘mni tashkil etadi.
Soha rivoji kadrlarga bog‘liq. Har yili 500 nafardan ziyod oliy ma’lumotli mutaxassis tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinmoqda. 2024-yilda 1 716 nafar rahbar va mutaxassisning malakasi oshirildi.
“Agrobank” ATB hamkorligida 2023-yilda “Suvchilar maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Respublikaning 13 ta hududida zamonaviy o‘quv xonalari hamda ilg‘or suv tejovchi texnologiyalar qo‘llaniladigan tajriba maydonlari tashkil etildi. 2023-yili 155 ta tumanda 61 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi rahbari va xodimi qisqa muddatli kurslarda o‘qitildi. 2024-yilda 13 ming fermerning amaliy ko‘nikmalari shakllantirildi.
Suv keltirgan elda aziz, degan maqol bor. Shu bois, obihayotni yetkazib berish yo‘lida xizmat qiluvchi suvchilar toza, pokiza va savobli kasb egalaridir. Ularning mashaqqatli mehnati bilan yurt obod, dasturxon to‘kin-sochin, turmush farovon.
E’tibor va g‘amxo‘rliklardan ruhlangan soha xodimlari suv behuda isrof bo‘lishining oldini olish, samarali foydalanish, xalqimizga munosib xizmat qilish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solishgan. Ular yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda yangilanishlar, o‘zgarishlar jadal borayotgan hozirgi davrda zamon bilan hamnafas odimlamoqda.
Shavkat ХAMRАYEV,
suv xo‘jaligi vaziri