YaPON DELEGATSIYaSI SUV XO‘JALIGI VAZIRLIGIDA
2024-12-11 18:20:00 / Yangiliklar
Bugun Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari D.Xodjiaxmedov yapon delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Yaponiyaning Yer, infratuzilma, transport va turizm vazirligi Suv resurslarini boshqarish departamenti direktori Takaya Tanaka samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasida suv xo‘jaligi yo‘nalishidagi hamkorlik yildan yilga izchillik kasb etib borayotganini ta’kidladi.
Muloqot chog‘ida to‘g‘on qurilishi va boshqarilishi, iqlim o‘zgarishiga mos ravishda suv resurslarini boshqarish, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, sohada raqamlashtirish, avtomatlashtirish, innovatsion texnologiyalarni tadbiq etish bo‘yicha Yaponiya davlatining tajribasi haqida so‘z yuritildi.
“Markaziy Osiyoda shaharlarning tabiiy ofatlar va iqlim o‘zgarishlari xavfiga chidamliligini oshirish” qo‘shma grant yordam dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Axborot xizmati