SHVEYTSARIYA KONFEDERATSIYASIELCHISI BILAN UCHRASHUV O‘TKAZILDI
2024-11-22 12:55:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda joriy yil 3-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Suv xo‘jaligi vazirligi va Shveytsariya hukumati nomidan Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi o‘rtasida 2024–2027-yillarda “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning III bosqichini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, suv xo‘jaligida “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona platformasini yaratish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan ekspertizadan o‘tkazildi. Shuningdek, Suv kodeksi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli muhokamalardan so‘ng Parlamentga taqdim qilindi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan “Suvchilar maktabi” qoshidagi tajriba maydonlariga suv resurslaridan iqlim o‘zgarishlarini hisobga olgan holda foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun 12 ta avtomatik agrometeostansiya o‘rnatildi. Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishda tashabbuskor fermer xo‘jaliklari va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi, quruvchi tashkilotlarning takliflari asosida “Tomchi” mobil ilovasi takomillashtirildi.
Yaqinda vazirlik va loyiha hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari hamza boshqarmalari va boshqa yirik suv xo‘jaligi tashkilotlari rahbalari uchun malaka oshirish kurslari muvaffaqiyatli tashkil qilindi.
Muloqot chog‘ida tomonlar “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi”ning III bosqichi doirasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, suv xo‘jaligi obyektlarini raqamlashtirish, transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan samarali foydalanishda zamonaviy asbob-uskunalarni keng joriy etish kabi qator vazifalar atroflicha muhokama etildi.
Uchrashuvda Shveytsariya elchisi o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun O‘zbekiston Hukumati va vazirlik rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Axborot xizmati