SURXONDARYOLIK IRRIGATORLAR SEL SUVLARIDAN UNUMLI FOYDALANISH TADORIGINI KO‘RMOQDA
2024-11-21 15:35:00 / Yangiliklar
Boysun tumanining kichik tog‘lari va tepaliklarida yog‘adigan qor va yomg‘ir suvlarining bir qismini faqat may oyigacha Kofrun hududidagi ekinzorlar hamda mevali bog‘larga boshqarish mumkin edi. Qor va sel suvlarining katta qismi daradagi soylar orqali behuda oqib ketib, Surxondaryo va Amudaryo daryolariga borib quyilardi. Surxondaryolik irrigatorlar hamda «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi mutaxassislarining izlanishlari samarasi o‘laroq qorlar erishi va bahorgi yog‘inlar suvidan shakllanadigan «Hangaronsoy» daryosining pastki qismida suv sig‘imi 6,1 million metr kub bo‘lgan sel-suv ombori qurish ishlari yakuniga yetkazildi. «Surxondaryosuvqurilishinvest» davlat muassasasi buyurtmasiga asosan «Faxriddin» MCHJ bunyodkorlari sel-suv omborining ikkinchi navbatini qurib bitkazish jarayonida 8 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-montaj ishlarini bajarib, suv to‘plash inshootini foydalanishga topshirdilar.
– Shu paytgacha bahor oylarida toshib oqadigan «Hangaronsoy» daryosi suvining bir qismi hisobiga tumanimizning Kofrun darasidagi 250 gektar ekin maydonlari va 180 gektar mevali bog‘lar bir-ikki marta sug‘orib qolinardi, – deydi Boysun tumani «Suv yetkazib berish xizmati» DM direktori Elmurod Qulmirzayev. – Daryo suvining katta qismi daradagi soylar orqali pastga tushib ketardi. Natijada may oyi oxiridan so‘ng tumanimizda suv taqchilligi kuzatilardi «Hangaronsoy» sel-suv omborining qurilib foydalanishga topshirilishi elimizni g‘oyat shodlantirmoqda. Chunki ushbu suv to‘plash inshooti iliq kunlarda tog‘larimizda qorlar erishi va bahorgi yog‘inlar tufayli shakllanadigan «Hangaronsoy» daryosi suvining asosiy qismi behuda oqib ketmasligiga hamda yig‘ib qolishga xizmat qiladi. Boysunda shunday suv xo‘jaligi inshooti yo‘qligi bois har yili kamida 1,9–2 million metr kub hajmdagi suv yo‘qotilardi. Vaqt o‘tgan sayin ushbu suv to‘plash inshootida tog‘larimizdan tushadigan suv yig‘ilib, hajmi 6,1 million metr kubga yetsa, nafaqat hozirda sug‘orilayotgan 450 gektar maydonning suv ta’minotida muammo bo‘lmaydi, shu bilan birga necha yildan beri suvsizlikdan bo‘sh yotgan maydonlarga ziroat o‘stirib, aholini ish va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’milash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Aytish kerakki, voha irrigatorlari va quruvchilarining izlanishlari davom etmoqda. Ularning sa’y-harakati tufayli vohada ikkinchi, ya’ni Sariosiyo tumanida «Obizarang» sel-suv omborini qurish yuzasidan loyiha ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha to‘liq yakuniga yetkazilsa, Sariosiyo tumani hududidagi o‘nlab kichik tog‘ qishloqlarida yog‘adigan qor va yomg‘ir suvlarini bir joyga yig‘ib, Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlarining minglab gektar yerlarini kafolati suv bilan ta’milash imkoni tug‘iladi.
Amu-Surxon ITHB matbuot xizmati