MARKAZIY OSIYODA SUV: KELAJAK HAMKORLIKDA
2024-11-08 17:50:00 / Yangiliklar
Uning ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev Prezidentimiz tashabbuslari bilan sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, kuni kecha Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qo‘yilgan vazifalar ahamiyatiga e’tiborni qaratdi.
Ta’kidlandiki, 2024-yilda 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani evaziga 200 ming gektarda suv yaxshilandi, sug‘orish mavzumida 450 million kub metr suv iqtisod qilindi. Fermer va klasterlar tomonidan ham 13 ming kilometr ichki tarmoq betonlandi.
Suv boshqaruvi isloh qilinib, tumanlarda suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni o‘rgandi. Shaffof tizim yo‘lga qo‘yilgani natijasida bu yil yerga 2 karra ko‘p suv bordi, yana 6 milliard kub metr suv hisobi joyiga qo‘yildi.
Respublika bo‘yicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi, kelgusi yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatiladi. Qoraqalpog‘istonda qo‘llangan lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham bo‘ladi. Boshqa hududlarda ham lazerli tekislash kengaytiriladi.
Bugungi kunda yerlarni sug‘orishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya ishlatilmoqda. Ular o‘ziga yarasha elektr energiyasi talab qiladi. Shu bois videoselektor yig‘ilishida Davlat rahbari tomonidan 2025-yil – suv xo‘jaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb e’lon qilindi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan samarali foydalanish, suvning hisob-kitobini raqamlashtirish, shaffof tizim yaratish, suv tejovchi texnologiyalar qamrovini kengaytirish, kanallarni betonlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Qozog‘iston Respublikasi suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov o‘z so‘zida suvga talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda bu kabi muhokamalar suv resurslarini oqilona boshqarishga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.
Tadbirda Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi suv xo‘jaligi sohasi vakillari, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi, uning Ilmiy-axborot markazi, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, olimlar, mutaxassislar so‘zga chiqdilar.
E’tirof etildiki, Markaziy Osiyo mintaqasida daryolardan, suvdan hamjihatlikda foydalanamiz. Suv milliy masala emas, mintaqaviy masala, hammamizning umumiy tashvishimiz. Shu sababli, suvni asrash, tejab foydalanish haqida da’vatlar yangradi.
Axborot xizmati