JIZZAXDA SHAKAR ZAVODI ISHGA TUSHIRILADI
2024-09-30 16:45:00 / Yangiliklar
“NiIe Sugar” kompaniyasi Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar mahsulotini ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.
Umumiy qiymati 400 mln dollarlik investitsiyalar hisobiga almashlab ekish orqali 50 ming gektar maydonlarda suv tejamkor texnologiyalar asosida qand lavlagi yetishtirishni yo‘lga qo‘yish hamda kunlik quvvati 12 ming tonna qand lavlagini qayta ishlovchi, yiliga 200 ming tonna shakar ishlab chiqaruvchi zavod barpo etish rejalashtirilgan.
“NiIe Sugar” kompaniyasi tomonidan G‘allaorol tumani Xonimqo‘rg‘on QFY hududidan infrastrukturalarga yaqin joylashgan jami 102 ga lalmi yer maydoni shakar ishlab chiqarish zavodi uchun tanlandi.
- Jizzax viloyatida olib borayotgan ishlaringizdan xabardormiz. Qand lavlagini yetishtirishda sug‘orish uchun va zavodda shakar ishlab chiqarish jarayoni uchun sarflanadigan suvni yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikka tayyormiz, - dedi uchrashuvda vazir Shavkat Xamrayev.
- O‘zbekistonda shakar zavodini qurish katta loyiha, - dedi “Nile Sugar” kompaniyasi Bosh ijrochi direktori Emad Farid. – Biz uchun qishloq xo‘jaligi yerlari va suv nihoyatda katta ahamiyatga ega. Ishchi guruhi tomonidan sinov tariqasida G‘allaorol tumanida qand lavlagi ekib ko‘rildi. Natija juda yaxshi. Mahsulotning ko‘rinishi, sifati, atrof-muhit bizning talablarimizga mos keladi.
Biz, avvalo, yerni, unga keladigan sug‘orish tizimlarini va suv sifatini o‘rgandik. Suv ombor qurilayotgani, yil davomida uzluksiz suv ta’minoti yaratilishi haqidagi tashabbuslar bizga yoqdi. Shu natijalardan kelib chiqib, loyihaning texnik iqtisodiy asoslovini ishlab chiqish boshlandi.
Qand lavlagi ekiladigan maydonlarga suv yetkazib beriladigan ichki kanallarni betonlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarning tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish kabi turlarini joriy etish haqida kelishib olindi.
Axborot xizmati