MINTAQADAGI MAVJUD SUV RESURSLARIDAN SAMARALI VA OQILONA FOYDALANISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2024-09-20 19:15:00 / Yangiliklar
Dastlab davlatlar dellegatsiya rahbarlarini va Jamg‘arma Ijroiya qo‘mitasi raisini Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov qabul qilib, Bosh vazir mintaqadagi mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish borasida mintaqa davlatlari tomonidan olib borilayotgan hamkorlikning samaradorligi, OQXJning keyingi yillarda erishgan natijalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O‘zbekiston Prezidentining suv resurslaridan samarali foydalanish borasida mamlakatlararo manfaatli aloqalar, o‘zaro qo‘shnichilik va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini yuksak baholadi.
OQXJ Boshqaruvining yig‘ilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan hisobotlar eshitildi. Orol dengizi havzasidagi mamlakatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturi, Jamg‘arma tashkiliy tuzilmasi va huquqiy asoslarini takomillashtirish, mintaqa davlatlari gidrometeorologiya xizmatlarini modernizatsiya qilish loyihasining ikkinchi bosqichini tayyorlash kabi masalalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Joriy yil oxirida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Yagona suv” sammitiga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.
Jamg‘arma Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalarining ikki tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida suv va energetika sohalarida ikki hamda ko‘p tomonlama ahamiyatga ega bo‘lgan munosabatlarning joriy holati va kelgusida ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari Orolbo‘yi havzasi mamlakatlari orasida geografik jihatdan o‘xshashligi va shu bois mintaqadagi daryolarning bosh qismi hududlarida joylashgan suv omborlarni qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda ishlatish, elektr energiya masalalarida ham kelgusida ishlarni muvofiqlashtirib borish to‘g‘risida kelishib oldilar.
Ko‘p tomonlama uchrashuvda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Ziyozoda, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari T.Ataxalliyev bilan mintaqa kun tartibida dolzarb bo‘lib turgan suv, ekologiya va qishloq xo‘jaligiga oid masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 19-sentabr kuni Ostona shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi suv xo‘jaligi rahbarlari boshchiligida qo‘shma ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi hamda yig‘ilishda sohaga oid ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati muhokama qilinib, mavjud masalalarning yechimi yuzasidan aniq fikrlar almashildi.
Xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasi, Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi Mintaqaviy strategiya loyihasini mintaqaning boshqa davlatlari bilan kelishish muhokama qilindi. Davlatlararo ahamiyatga ega bo‘lgan gidropostlarda suvning hisobi va monitoringini yuritish maqsadida ularda avtomatik qurilmalarni joriy qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida suv, ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan umumiy qiymati 25,3 mln AQSh dollari bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi, jumladan:
Amudaryo va Sirdaryo deltalarida kichik suv omborlarni (локальные водоёмы) tashkil etish;
- Orolbo‘yi mintaqasida ekotizimlarni tiklash va saqlash;
- Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etish;
- Orol havzasi aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitar vaziyatni yaxshilashga qaratilgan loyihalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlar ochiq, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati