“YASHIL” ENERGETIKA – MAMLAKATIMIZ SUV XO‘JALIGI TARAQQIYOTIDA MUHIM OMIL
2024-07-24 17:08:00 / Yangiliklar
Yurtimizda sug‘orma dehqonchilik qilinadigan 4 million 300 ming gektardan ziyod maydonlarning yarmidan ko‘prog‘iga suv nasoslar yordamida yetkazib beriladi. Bugungi kunda vazirlik tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan nasos stansiyalarining samaradorligini oshirish va ular tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasini tejash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2024 yilda vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarda xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan, ma’nan va jismonan eskirgan 148 ta nasos va 149 ta elektrodvigatellarni yangilash yangilash rejalashtirilib, amalda 135 ta (91%) nasos va 135 ta (91%) elektrodvigatellar xarid qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi yig‘ilishi bayonining 26-bandiga asosan, joriy yilda nasos stansiyalaridagi 2051 ta yorug‘likdiod lampalar, 107 ta chastota o‘zgartiruvchi (plavnыy pusk) qurilmalari, 83 ta quyosh batareyalari, 26 ta quyosh suv isitish qurilmalari va 132 ta kondensator qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida 2 128 ta (104%) yorug‘lik diod lampalar, 66 ta (50%) kondensator qurilmalari, 73 ta (68%) chastota o‘zgartiruvchi (plavnыy pusk) qurilmalar, 40 ta (48%) quyosh batareyalari, 14 ta (54%) quyosh suv isitish qurilmalari xarid qilindi. Yil oxiriga qadar rejalashtirilgan barcha ishlar yakuniga yetkaziladi.
Joriy yilning 1-iyul holatiga nasos stansiyalari va tik quduqlarni ishlatish uchun 3 084,3 mln. kVt/soat elektr energiya limiti ajratilgan bo‘lib, amalda 2 954,8 mln. kVt/soat sarflandi va ajratilgan limitga nisbatan 129,5 mln. kVt/soat, o‘tgan yilning mos davriga (2023-yil 1-iyul holatiga amalda 3 323,08 mln. kVt/soat) nisbatan 368,3 mln. kVt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishildi.
Bundan tashqari, 2024-yilda tizim tashkilotlarining ma’muriy binolariga 1 200 kVt quvvatli quyosh panellari va 20 000 litr hajmdagi geliokollektorlar o‘rnatish rejalashtirilgan.
Vazirlik tizimidagi tashkilotlarning ma’muriy binolar hamda suv xo‘jaligi obyektlariga joriy yilning olti oyi davomida 250,5 kVt quvvatdagi quyosh panellari va 2 000 litr hajmdagi geliokollektorlar o‘rnatildi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimida “yashil energetika” tizimini jadal rivojlantirish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tejalgan energiyani iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, birinchi galda, aholi ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirish doimiy e’tiborda.
Axborot xizmati