Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov navbatdagi uchrashuvini kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazdi.
2025-04-20 18:50:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 9-aprelda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga muvofiq, viloyat, shahar va tuman miqyosida tadbirkorlarning muammolarini tezkor qabul qilish va hal etish maqsadida tunu-kun faoliyat yurituvchi maxsus shtablar tashkil etildi.
Surxondaryo viloyatida esa haftaning har kuni sohalar kesimida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda.
Shu maqsadda, bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov navbatdagi uchrashuvini kichik va o‘rta biznes vakillari bilan o‘tkazdi. Angor tumanidagi "Baraka savdo markazi" majmuasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatimiz hududlaridan tashrif buyurgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda tadbirkorlar o‘z taklif va tashabbuslari, shuningdek, faoliyatlarida duch kelayotgan muammolarini bayon etdilar. Har bir murojaat uchun mas’ul shaxslar biriktirilib, ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi. Bu jarayon viloyat maxsus shtabi nazoratiga olindi.
Uchrashuvdan so‘ng "Baraka savdo markazi" majmuasining yangi savdo kompleksini qurish loyihasi taqdimoti ham ko‘rib chiqildi.









