Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokiga bagʻishlangan matbuot anjumani anjumani bo'lib o'tdi
2024-08-30 13:30:00 / Yangiliklar

Matbuot anjumanida Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatovlar ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, “Parij-2024” olimpiya oʻyinlarida tarixiy natija qayd etilib, Oʻzbekiston 206 ta mamlakat orasida jami 13 ta — 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medallari bilan 13-oʻrinni egalladi.
Mamlakatimiz olimpiada oʻyinlarida MDH, Markaziy Osiyo, turkiy va musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natijani qayd etdi. Bu tarixiy natija davlatimiz mustaqilligining 33-yilligi arafasida qoʻlga kiritilganligi bayramga munosib tuhfa boʻldi.
Bugun xalqimiz matonatli dzyudochi qizimiz Diyora Keldiyorova, taekvondo boʻyicha birinchi kumush medal sohibasi Svetlana Osipova Olimpiya harakati solnomasida taekvondo boʻyicha eng yosh toifada ikki karra Olimpiya chempioni Ulugʻbek Rashitov, oʻzbek sportini dunyoga tanitgan bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov, Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalokov, mohir kurashchi Razambek Jamalov, ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev, erkin kurashchi Gʻulomjon Abdullayev, tajribali dzyudochilarimiz Muzaffarbek Toʻraboyev hamda Alisher Yusupovlar erishgan olamshumul natijalar bilan haqli ravishda faxrlanmoqda.
Albatta, erishilgan tarixiy yutuqlar bilan cheklanib qolmasdan, bu boradagi natijalarni yanada yuqori darajalarga olib chiqish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi. Kuni kecha davlatimiz rahbari sportchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvda taʼkidlaganlaridek, Parijdagi natijalarimizni chuqur tahlil qilib, ulardan zarur xulosa va saboqlar chiqargan holda, 2028-yili Los-Anjelesda boʻladigan navbatdagi yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Kelgusi Olimpiadada kuchli oʻnlikka kirish bosh maqsadimiz boʻladi.
Buning uchun esa Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari, sport federatsiyalari tomonidan milliy olimpiya harakatining ajralmas qismi boʻlgan ommaviy sportni rivojlantirish masalasiga muhim eʼtibor qaratiladi.
Xususan, joriy yil yakuniga qadar ommaviy sport tadbirlari orqali yoshlar qamrovini 10 million nafarga yetkazish boʻyicha faol ishlar borilmoqda.
Istiqlol shodiyonalari arafasida respublikamizdagi 12 ta sport obyektlarida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilsa, yil yakuniga qadar esa yana 30 ta sport obyektlari foydalanishga topshiriladi.
Yana shuni quvonch bilan aytish joizki, mamlakatimizda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga ham qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Buning uchun esa poytaxtimizdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tutash hududda mintaqada oʻxshashi boʻlmagan ulkan Olimpiya shaharchasi bunyod etilmoqda.
Eng muhimi, Davlatimiz rahbari tomonidan barkamol avlodni tarbiyalash, sportni har tomonlama rivojlantirish masalasiga davlat siyosati darajasida muhim eʼtibor qaratilayotganligi bugun barcha sohalar qatori sportchilarimiz erishayotgan tarixiy natijalar uchun ham muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokiga oid faktlar:
Oʻzbekiston Olimpiya oʻyinlarida birinchi marotaba 4 ta sport turida oltin medalni qoʻlga kiritdi;
Oʻzbekistonlik ayol sportchi (Diyora Keldiyorova) ilk bor yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi;
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk marotaba Olimpiya oʻyinlarida 5 ta oltin medalga sazovor boʻldi va mazkur sport turida umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi;
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi birinchi marotaba Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Unga Diyora Keldiyorova mualliflik qildi;
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor Olimpiya oʻyinlarida 3 ta medalga sazovor boʻldi;
Birinchi bor oʻzbekistonlik ayol sportchi (Svetlana Osipova) Olimpiya oʻyinlarining taekvondo WT bahslarida shohsupaga koʻtarildi;
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk marotaba Olimpiya oʻyinlarida 2 ta medalga sazovor boʻldi;
Akbar Joʻrayev Olimpiya oʻyinlarida ikki marotaba sovrindor boʻlgan birinchi oʻzbekistonlik ogʻir atletikachiga aylandi;
Olimpiada gʻoliblari Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov va Ulugʻbek Rashitov ikki karra Olimpiada chempioni unvoniga sazovor boʻlishdi;
Badiiy gimnastikachilarimiz Olimpiya oʻyinlarida guruh mashqi dasturida birinchi marotaba final bosqichida ishtirok etishdi;
Bir Olimpiadada ilk marotaba oʻzbekistonlik ikki nafar ayol sportchi shohsupaga koʻtarildi;
Erkin kurash boʻyicha 12-yillik tanaffusdan soʻng yana Olimpiada oltin medali qoʻlga kiritildi. Unga Razambek Jamalov mualliflik qildi.


