Asosiy kontentga o'tish

Gender tengligi

Gender tengligi

Soliq qo‘mitasi tizimida rahbar ayollar qanday ko‘paytiriladi?

 

Birinchidan, Davlat soliq qo‘mitasi tizimida ayni paytda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bo‘yicha kadrlar seleksiyasi va monitoringi tadbirlari eski qoliplardan voz kechgan holda – innovatsion uslublarda amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, rahbarlik iqtidori namoyon bo‘lgan ayollarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat qurilishi akademiyasida o‘qitishga eʼtibor qaratiladi.

Uchinchidan, iqtisodiyot sohasiga qiziqishi kuchli qizlarda boshqaruv ko‘niklarmalarini shakllantirish bo‘yicha Fiskal institutda qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi.

To‘rtinchidan, rahbar ayollarni tayyorlash bir yillik vazifa emasligini hisobga olgan holda, iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy taʼlim muassasalari bilan qobiliyatli talaba-qizlarni aniqlash-saralash bo‘yicha yaqin hamkorlik o‘rnatiladi.

Beshinchidan, talabalar amaliyotlarini soliq xizmati organlarida tashkil etish jarayonida ko‘proq qizlarni jalb qilishning alohida reja-jadvallari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Oltinchidan, Davlat soliq qo‘mitasi tizimi xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash yuzasidan ko‘rsatkichlarni shaklantirishda xotin-qizlarga ko‘proq o‘rin beriladi.

Yettinchidan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan memorandum imzolash orqali davlat soliq xizmati organlari mutaxassislarining xorijda taʼlim olish ishlarini tashkil etish va muayyan kvota ajratishda xotin-qizlarga ustuvorlik berish masalasi hal etiladi.  

 
XOTIN-QIZLAR VA ERKAKLAR UCHUN TENG HUQUQ HAMDA IMKONIYATLAR KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA
 
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
 
2-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar — jinslarning notengligini bartaraf etish, xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy yoki asos bo‘ladigan tengligini ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadlarga erishish uchun davlat organlari tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy hamda institutsiyaviy xususiyatga ega chora-tadbirlar;
gender — xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ijtimoiy jihati;
gender statistikasi — davlat statistikasining jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holati to‘g‘risida har bir jins bo‘yicha alohida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan, har xil jinsdagi shaxslarning ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha sohalaridagi tegishli holatini aks ettiradigan, gender muammolarini va jamiyatdagi munosabatlarni yoritadigan qismi;
gender-huquqiy ekspertiza — normativ-huquqiy hujjatlarni hamda ularning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
genderga oid audit — davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash;
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-809-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 03/22/809/1091-son)
jins bo‘yicha bevosita kamsitish — jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari hamda erkinliklarini tan olmaslikka qaratilgan har qanday tarzda farqlash, istisno etish yoki cheklash, shu jumladan oilaviy holati, homiladorligi, oilaviy majburiyatlari tufayli kamsitish, shuningdek shahvoniy shilqimlik qilish, teng mehnat va malaka uchun har xil haq to‘lash;
jins bo‘yicha bilvosita kamsitish — bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilash;
Oldingi tahrirga qarang.
genderga doir kompleks yondashuv — davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyatini, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishni xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etish.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-809-sonli Qonuniga asosan to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 03/22/809/1091-son)
 
4-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
demokratizm;
xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;
jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;
ochiqlik va shaffoflik.
 
5-modda. Jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik
Xotin-qizlar va erkaklar davlat tomonidan kafolatlangan teng huquq hamda imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Quyidagilar jins bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi:
bola tug‘ish va ona suti bilan oziqlantirish vazifalari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda farqlarni belgilash;
qonunda belgilangan tartibda muddatli harbiy xizmatga chaqirish;
ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatini muhofaza qilishda ularning reproduktiv salomatligini saqlash xususiyatlari;
majburiyatlar faqat muayyan jinsdagi shaxslar tomonidan bajarilishi mumkinligiga asoslangan holda kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish;
qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlarini hamda huquqiy jihatdan ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash;
xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeyini mustahkamlashga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan ijobiy choralar.
 
6-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash kafolatlari
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni amalga oshirish chog‘ida teng huquqlilikni kafolatlaydi.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanishini kafolatlaydi.
Xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida haqiqiy tenglikka erishish, jamiyat hayotining barcha sohalarida ularning ishtirokini kengaytirish, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni bartaraf etish hamda ularning oldini olish maqsadida davlat tomonidan gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘riladi.
 
7-modda. Gender-huquqiy ekspertiza
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyatning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga nomuvofiqligi aniqlangan taqdirda, gender-huquqiy ekspertiza xulosasi ushbu normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqqan yoki qabul qilgan organga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi:
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjatning yoki uning loyihasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiq emasligini aniqlashga;
jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitish imkonini yaratadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini qabul qilish oqibatlarini umumiy baholashga;
normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, kamsitish xususiyatiga ega xavflarni aniqlashga;
jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yadigan, aniqlangan normalarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga qaratilgandir.
 
8-modda. Gender statistikasini shakllantirish
Davlat statistika organlari gender ko‘rsatkichlari asosida jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning holatini aks ettiradigan statistik axborotni yig‘ishni, unga ishlov berishni, uni to‘plashni, saqlashni, tahlil qilishni va e’lon qilishni amalga oshiradi.
Gender ko‘rsatkichlarini shakllantirish:
davlat statistika organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat statistik kuzatuvlariga;
davlat boshqaruvi organlarining ma’muriyatga oid ma’lumotlariga;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan muntazam ravishda amalga oshiriladigan statistik kuzatuvlarga asoslanadi.
Gender ko‘rsatkichlari fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining statistik ma’lumotlari asosida ham shakllantirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
 
81-modda. Genderga oid auditning asosiy vazifalari
Genderga oid auditning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini o‘rganish;
davlat organlari va tashkilotlari o‘z faoliyatini genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilish holatini baholash;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
 
82-modda. Genderga oid auditni o‘tkazish va uning natijalarini ko‘rib chiqish tartibi
Genderga oid audit tasdiqlangan uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkaziladi.
Genderga oid audit davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyati asosida o‘tkaziladi.
Genderga oid auditni o‘tkazish uchun tegishli sohada zarur bilimga va ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislar jamoatchilik asosida jalb etilishi mumkin.
Genderga oid audit natijalariga doir axborot va takliflar genderga oid audit o‘tkazilganidan keyin Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga o‘n ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni bir oy ichida ko‘rib chiqadi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi genderga oid audit natijalariga doir axborotni va takliflarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga, shu jumladan kadrlar siyosatini olib borishda genderga doir kompleks yondashuvni bosqichma-bosqich joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi.
Genderga oid audit natijalari to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
(81 va 82-moddalar O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-809-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 03/22/809/1091-son)
 
2-bob. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasini tartibga solish
 
9-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirish;
jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirok etishini ta’minlash;
mehnatga oid va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash;
oilani, bolalikni ijtimoiy jihatdan himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, mas’uliyatli onalik va otalikni shakllantirish;
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga qaratilgan axborotdan jamiyatni himoya qilish;
mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etish;
Oldingi tahrirga qarang.
 
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga doir chora-tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;
(9-moddaning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish.
 
10-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi
Oldingi tahrirga qarang.
 
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
(10-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-809-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 03/22/809/1091-son)
 
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlari, milliy harakatlar rejalari va strategiyalarning ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi hamda amalga oshirilishini va ularni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi hamkorligini ta’minlaydi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
 
12-modda. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining vakolatlari
Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi:
xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka erishishga, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklarning haqiqiy tengligiga erishishga, davlat xizmatining rahbarlik lavozimlariga ilgari surish chog‘ida jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipini ta’minlashga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarning joriy holatini o‘rganish, mavjud muammolarni tanqidiy jihatdan tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘radi;
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy faolligini erkaklar bilan teng ravishda oshirish choralarini ko‘radi;
davlat organlarining jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan faoliyatini muvofiqlashtiradi;
jinsi bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilganligi munosabati bilan og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus muassasalarni tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha vaqtinchalik maxsus choralar ko‘rish va ularni bekor qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalariga doir murojaatlarini qabul qilishni, ko‘rib chiqishni va tahlil qilishni amalga oshiradi hamda buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan choralar ko‘radi;
genderga oid auditni o‘tkazish rejasini tasdiqlaydi va genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyatini belgilaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash va bu sohadagi xalqaro standartlarga rioya etish borasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-dekabrdagi O‘RQ-809-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.12.2022-y., 03/22/809/1091-son)
Oldingi tahrirga qarang.
 
har yili O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining qo‘mita faoliyati hamda sohadagi tizimli muammolar va ularning yechimi to‘g‘risidagi axborotini eshitadi.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi O‘RQ-829-sonli Qonuniga asosan o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son)
Oldingi tahrirga qarang.
 
121-modda. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalarining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida:
jamiyat hayotining barcha sohalarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishishga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlashda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash choralarini ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini berish to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni va axborotni muntazam ravishda yig‘ishni hamda tahlil qilishni ta’minlaydi;
davlat boshqaruvi organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari, shuningdek ularni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ko‘zlab sudlarga arizalar (shikoyatlar) va da’volar beradi;
qonunchilikda belgilangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
zarur hollarda, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qiladi, ishchi guruhlar tuzadi.
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda uning hududiy bo‘linmalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(121-modda O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi O‘RQ-829-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son)
 
13-modda. Davlat organlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni va axborotni muntazam ravishda yig‘ishni hamda tahlil qilishni ta’minlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning buzilishiga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularni tiklash bo‘yicha choralar ko‘radi;
xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ta’minlash masalalari yuzasidan kadrlarning kasbiy tayyorgarligi tizimini takomillashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi hamda bunga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha fuqarolarning madaniyat darajasini va xabardorligini oshirish yuzasidan tegishli choralar ko‘radi hamda bunga ko‘maklashadi;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni amalga oshirishga faol jalb qilish maqsadida ular bilan hamkorlikni rivojlantiradi;
xotin-qizlar va erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan ham onalarga, ham otalarga bola parvarishi uchun ta’til berish orqali shart-sharoitlar yaratadi;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar ko‘radi va ularni bekor qiladi;
mehnat bozorida xotin-qizlar va erkaklarning tengligini ilgari surish, ishga joylashtirish uchun o‘qitish hamda sharoitlar yaratish yuzasidan xususiy sektor bilan hamkorlikni rivojlantiradi.
Davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha vakolatli mansabdor shaxs (bundan buyon matnda vakolatli shaxs deb yuritiladi) belgilanadi. Vakolatli shaxsning majburiyatlarini bajarish davlat organi rahbarining o‘rinbosarlaridan biri zimmasiga yuklatiladi.
Davlat organlarining rahbarlari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ishtirokida maslahat-kengash organlarini tuzishi mumkin.
 
14-modda. Davlat organlaridagi vakolatli shaxsning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Vakolatli shaxs:
faoliyatning tegishli sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga rioya etilishini ta’minlaydi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash holatini tahlil qiladi, gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar qo‘llanilishining maqsadga muvofiqligini o‘rganadi hamda ularni qo‘llash to‘g‘risida takliflar kiritadi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga barham berish yuzasidan axborot faoliyatini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda doimiy asosda amalga oshiradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasida gender ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqadi, tahlil qiladi hamda zarur hollarda ular haqida vakolatli organlarga xabar beradi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha xodimlarning kasbiy darajasini oshirish choralarini ko‘radi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishning namoyon bo‘lish faktlarini bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘radi.
 
15-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish tizimini takomillashtirishga, erkaklar bilan teng ravishda xotin-qizlarning ijtimoiy hamda ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun bandlik sohasida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga, shu jumladan kasanachilikni tashkil etishga, oilalar uchun ijtimoiy xizmatlar tarmog‘ini yaratishga ko‘maklashadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat organlarining qarorlarini, davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash masalalari bo‘yicha davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar va ta’lim muassasalari hamda boshqa tashkilotlar bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik qiladi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirishga qaratilgan o‘quv, axborot-ma’rifiy tadbirlarini amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini gender-huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda ishtirok etadi;
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazishda davlat organlariga ko‘maklashadi;
jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitilgan shaxslarning huquqlarini davlat organlarida va sudda himoya qilishga ko‘maklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
 
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
(15-moddaning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 
3-bob. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
 
16-modda. Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash orqali davlat boshqaruvida turli jinsdagi shaxslarning ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi kafolatlanadi.
Davlat xotin-qizlarga erkaklar bilan teng sharoitlarda va hech bir kamsitishsiz xalqaro miqyosda davlatning vakili bo‘lish hamda xalqaro tashkilotlar ishida ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar ko‘radi.
Davlat xizmatiga qabul qilish chog‘ida va uni o‘tash davrida jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishdagi tenglik malakaga va kasbiy tayyorgarlikka muvofiq ta’minlanadi.
Davlat xizmatchilari lavozimlarini egallash uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularning xizmatda ko‘tarilishi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlangan holda amalga oshiriladi.
Davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qo‘llashga ruxsat beriladi. Kvota vaqtinchalik chora sifatida joriy etiladi hamda u davlat organlarida xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilishiga qarab bekor qilinishi mumkin.
Davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligiga rioya etilishi zarur.
Davlat organlarining rahbarlari va tegishli mansabdor shaxslar xotin-qizlar va erkaklarni davlat xizmatiga qabul qilishda teng huquqlilikni ularning qobiliyati va kasbiy tayyorgarligiga muvofiq ta’minlashi shart.
 
17-modda. Davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash uchun tanlovlarda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta’minlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning ma’lumoti va kasbiy tayyorgarligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi. Shunga o‘xshash ma’lumotlar xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga doir chora-tadbirlar ko‘rish uchun davlat xizmatchilarini attestatsiyadan o‘tkazish, xizmat bo‘yicha ko‘tarish masalalarini hal qilishda davlat organlarining kadrlar xizmatlari tomonidan taqdim etiladi.
 
4-bob. Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
 
18-modda. Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
Xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega.
Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
 
19-modda. Saylov komissiyalarini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining, saylov hamda referendumlar o‘tkazish bo‘yicha viloyat, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar ta’minlanadi.
 
5-bob. Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
 
20-modda. Iqtisodiy sohada hamda tadbirkorlik faoliyatida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat organlari va mulk shaklidan qat’i nazar tashkilotlar rahbarlari jamiyatning iqtisodiy resurslaridan, shu jumladan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk, er, moliyaviy aktivlar, kreditlar, ijtimoiy jamg‘armalardan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining erkin tanlangan turlaridan xotin-qizlar va erkaklarning teng foydalanishini ta’minlashi shart.
Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydi.
 
21-modda. Mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Ish beruvchi mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida quyidagilarni ta’minlaydi:
ishga yollashda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlarni;
teng mehnat uchun xotin-qizlar va erkaklarga teng ish haqini (mukofotni) hamda xotin-qizlar va erkaklar ishining sifatini baholashga doir teng yondashuvni;
xizmatda ko‘tarilish, qayta tayyorlash va malaka oshirishda teng imkoniyatlarni;
texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ish hajmlarining qisqarishi oqibatida xodimlarning soni (shtati) yoki ishning xususiyati o‘zgarishi yoxud korxona, muassasa va tashkilot tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda qonunda belgilangan afzalli huquqlarni bergan holda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlari tengligini;
oilani ijtimoiy himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farzandlari bor ayollar va erkaklar foydalana oladigan amaliyotni joriy etish va rivojlantirishni, homilador hamda emizikli ayollar uchun qulay mehnat sharoitlarini yaratishni;
xotin-qizlar va erkaklarning hayot faoliyatini hamda sog‘lig‘ini saqlashni ta’minlaydigan, shu jumladan reproduktiv funksiyalarni saqlaydigan xavfsiz mehnat sharoitlarini;
mehnat munosabatlarida shaxslarning qadr-qimmatini poymol qilishga olib keluvchi nomaqbul muomalaga yoki kamsituvchi mehnat sharoitlarini yaratishga yo‘l qo‘yilmasligini;
xotin-qizlar va erkaklar uchun mehnat faoliyatini, jamiyat hayotida ishtirok etishni oilaviy majburiyatlar bilan birga olib borish uchun teng sharoitlar yaratishni, shu jumladan mehnat qilish imkoniyatini beradigan, bolalarni parvarishlash bo‘yicha muassasalar tarmog‘ini tashkil etish va kengaytirish orqali sharoitlar yaratishni.
 
22-modda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Mehnat munosabatlarini jamoa-shartnomaviy jihatdan tartibga solish chog‘ida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlaydigan qoidalarni jamoa shartnomalari va kelishuvlariga kiritish, ularning kasbiy va oilaviy majburiyatlarni qo‘shib bajarishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilash shart.
Jamoa shartnomalari va kelishuvlarida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:
xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash majburiyatlarini tashkilotlarning va ular tarkibiy bo‘linmalarining vakolatli shaxsi zimmasiga yuklatish;
ishga qabul qilish va xizmat bo‘yicha ko‘tarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish;
xotin-qizlar va erkaklar mehnatiga haq to‘lashda notenglikni bartaraf etish.
 
23-modda. Ijtimoiy himoya sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat organlari, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari aholini ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarning huquqlarini teng darajada hisobga olishi shart.
Xotin-qizlar va erkaklar ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega.
 
24-modda. Oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Oila, onalik, otalik va bolalik davlat muhofazasidadir.
Xotin-qizlar va erkaklar oilaviy munosabatlar sohasida teng huquq hamda majburiyatlarga ega.
Oilaviy munosabatlar sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun huquq hamda imkoniyatlarning tengligi quyidagilarga asoslanadi:
xotin-qizlar va erkaklar nikoh tuzishining ixtiyoriyligiga;
majburiy va erta nikohlarga yo‘l qo‘yilmasligiga;
er va xotinning shaxsiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari tengligiga;
oilaning ichki mojarolarini o‘zaro kelishuv bo‘yicha hal qilishga;
uy mehnatiga nisbatan xotin-qizlar va erkaklar huquq hamda majburiyatlarining tengligiga;
bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishda, voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashda teng ishtirok etishga.
Ota-onalar kichik yoshdagi bolalarni, nogironligi bo‘lgan oila a’zolarini parvarishlash bo‘yicha nafaqalar olishda teng huquqlarga ega bo‘ladi.
Bola tug‘ilishi munosabati bilan ona ham, ota ham haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega. Bolani parvarishlash bo‘yicha ta’tilning davomiyligi ota-onaning ixtiyoriga ko‘ra ular o‘rtasida bo‘linishi mumkin, bunda ota-ona ta’tildan uni qismlarga bo‘lgan holda foydalanishi mumkin.
 
25-modda. Uy mehnatini bajarishda teng munosabatlar kafolatlari
Uy mehnati jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshiriladi.
 
6-bob. Ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
 
26-modda. Ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat ta’lim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlaydi.
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning ta’lim olish, qayta tayyorlash va malaka oshirishning barcha turlaridan foydalanishga, ta’lim va ilmiy jarayonni amalga oshirishda ishtirok etishga hamda madaniyatdan, madaniy qadriyatlar va merosdan foydalanishga doir teng huquq va imkoniyatlarini;
turli ta’lim dasturlariga gender mavzusini joriy etish orqali fuqarolarning genderga oid ma’rifatini oshirishga ko‘maklashishni;
jinslardan birining ustunligi g‘oyasiga asoslangan noto‘g‘ri tasavvurlardan xoli o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va chop etishni;
o‘quv dasturlari va darsliklarni jins bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik prinsipiga muvofiqlik yuzasidan muntazam ravishda monitoring qilishni;
gender siyosati amalga oshirilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan axborot-ma’rifiy tadbirlarni rag‘batlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni.
Ta’lim sohasidagi vakolatli organ ta’lim dasturlarini, ta’lim muassasalarining dasturlarini hamda rejalarini ularning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlash prinsiplariga muvofiqligi jihatidan ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va malaka oshirish kurslari xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha kursni o‘z ichiga olishi kerak.
 
27-modda. Sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari
Davlat quyidagilarni kafolatlaydi:
xotin-qizlar va erkaklarning sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘z huquqlarini amalga oshirishga, shu jumladan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, qulay tibbiy xizmatlardan foydalanishga, oilani rejalashtirishga va reproduktiv salomatlikni himoya qilishga bo‘lgan teng imkoniyatlarini;
zarur bo‘lgan hollarda, xotin-qizlarning turli ehtiyojlarini hisobga olib, ayniqsa, homiladorlik, tug‘ish davrida va tug‘ishdan keyingi davrda xotin-qizlarga bepul xizmatlar ko‘rsatgan, shuningdek homiladorlik va emizish davrida tegishli oziq-ovqat bilan ta’minlagan holda, sog‘liqni saqlash sohasidagi strategiya va dasturlarning amalga oshirilishini;
tibbiy ta’lim sohasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga, jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishlarning oldini olishga qaratilgan tashabbuslarni qabul qilishni;
sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasidagi tafovutlarni hisobga oluvchi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga ko‘maklashishni.
 
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
 
28-modda. Jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish faktlari ustidan shikoyat qilish
Agar shaxs o‘zini jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
 
Xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmatlarga haq to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda, ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.
(28-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
 
29-modda. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(29-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 
30-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
 
Oldingi tahrirga qarang.
 
31-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(31-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
 
32-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

 

Toshkent sh.,
2019-yil 2-sentabr,
O‘RQ-562-son

 

 

2853

Oxirgi yangilanish: 2024-07-23 13:09:24

;