Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish
2025-04-07 16:25:00 / Yangiliklar

Kichik biznes har qanday mamlakatda iqtisodiy o‘sish va innovatsiyalarning dvigatelidir. Ular ish o‘rinlari yaratish, raqobatni kuchaytirish va mamlakatning umumiy farovonligiga hissa qo‘shishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Tadbirkorlik faoliyatini boshlash va uni boshqarish jarayoni kichik biznes rivojlanishining tayanchidir.O‘zbekistonda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini barpo etishning asosiy maqsadlaridan biri kichik biznesni ustuvor darajada rivojlantirishdan iborat. Bu maqsadni amalga oshirish uchun bosqichma-bosqich iqtisodiy islohotlar o‘tkazilib kelinmoqda, kichik biznesning rolini oshirish uchun yirik institusional asoslar yaratildi. Kichik biznes faoliyatini tashkil etish, erkin faoliyat yuritishini kafolatlovchi huquqiy-me’yoriy hujjatlar, kichik biznesga ko‘maklashuvchi bozor infratuzilmasi shakllantirildi. Natijada bugungi kunga kelib, kichik biznes sub’yektlari mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha jabhalarida, mashinasozlik mahsulotlarini ishlab chiqarishda, iste’mol tovarlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda, servis xizmatlari ko‘rsatish va turizm kabi sohalarda faoliyat ko‘rsatmoqdalar. 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining 29-maqsadiga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish belgilangan. Muhim vazifalar sifatida hududlarda 200 ta yangi sanoat zonalarini tashkil etish va biznes-inkubatorlar tizimini rivojlantirish, sharoiti og‘ir bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektorga keng yo‘l ochish, iqtisodiy munosabatlarda erkin bozor tamoyillarini joriy etishni kengaytirish kabilar alohida belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimiz hududlarida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirish, o‘zini-o‘zi band qilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda kichik biznesni rivojlantirish bo‘yicha to‘plangan tajribalar shuni ko‘rsatadiki, korxonalarning raqobatdoshlik darajasini oshirish ularning o‘z faoliyatlari davomida kengayib, yiriklashib borishini taqozo etadi.
M.Sattorov
Sho‘rchi tuman statistika bo‘limi boshlig‘i
