Giyohvandlikka qarshi kurashda barchamiz birdek masʼulmiz
2025-07-28 10:00:00 / Yangiliklar

Giyohvandlikka qarshi kurashda barchamiz birdek masʼulmiz
Giyohvandlikka nisbatan “asr vabosi” deya taʼrif berilgani bejiz emas. Chunki bugungi kunda aynan shu illat tufayli insoniyat salomatligi, taqdiri va kelajagiga raxna solinmoqda. Shuning uchun nafaqat illat, balki global ofat sifatida giyohvandlikka qarshi qatʼiy kurashib kelinmoqda.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni nazorat qilish boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, dunyoda giyohvand moddalar isteʼmol qiluvchilar soni 10 yil ichida 23 foiz o‘sgan. Yaʼni, 240 milliondan – 296 million nafarga yetgan.
Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dunyodagi global muammolar yechimi borasida ilgari surgan bir necha tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanganligini taʼkidlash lozim. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021- yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasidagi dolzarb takliflaridan biri – global muammoga aylangan giyohvandlikka qarshi kurash mavzusi bilan bevosita bog‘liq.
Jumladan jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudi tomonidan 2025- yilning yanvar-iyun oylari davomida 15 shaxsga nisbatan giyohvandlik moddalari isteʼmoli va sotuvi bilan bog‘liq ishlar ko‘rib tamomlanib, tegishli jazolar tayinlandi.
Shu o‘rinda so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yurtdoshlarimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish borasidagi ishlar tubdan kuchayganini taʼkidlash zarur. Bunda, shuningdek, inson salomatligini taʼminlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Yurtimizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni isteʼmol qilishga nisbatan immunitetni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillar bartaraf etilmoqda. Jahon tajribasi negizida giyohvandlikka chalingan bemorlar uchun tibbiy-davolanish tizimi tashkil etilmoqda.
Yanada muhimi shuki, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash borasida olib borayotgan izchil siyosati tufayli mintaqamizda bu borada ijobiy natijalarga erishilayotgani ham ayni haqiqatdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shirin shahar sudining raisi
Alisher Ergashev
