Shveytsariya kompaniyasi Nurobodda kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish korxonasini tashkil etmoqchi
2025-03-04 17:10:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev Shveytsariyaning kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish kompaniyasi rahbari bilan uchrashdi.
Muloqotda Shveytsariya kompaniyasi rahbari ishlab chiqarish faoliyati haqida ma’lumot berib o`tdi. Unga ko`ra ular sanoatning turli sohalari uchun yuqori sifatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug`ullanib kelishadi.
Korxonaning maishiy foydalanish uchun yuvish va dezinfektsiyalash vositalari uchun xaridorlar - Eron, Xitoy, Gruziya, Tojikiston, Afg`oniston davlatlari hisoblanadi.
Kompaniya rahbari Vafo Saliyev o`zining istiqbolli loyihalarini O`zbekistonda xususan Samarqandda ham davom ettirib, Nurobod tumani hududida kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodini barpo etmoqchi ekanligini viloyat rahbariga bildirdi.
Dastlabki bosqichda yuz nafar ish o`rni yaratilib, kompaniya tomonidan ular olti oylik kursda kimyo sohasida ishlash uchun o`qitiladi. Shundan keyingina, ishga qabul qilinib korxona sexlarida faoliyat ko`rsatishadi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev investor loyihasini ko`rib chiqib, qonun doirasida ko`mak ko`rsatishini bildirdi.