O‘zbekiston tumanida g‘alla o‘rimiga kirishildi
2026-06-04 13:30:00 / Новости

O‘zbekiston tumanidagi dala maydonlarida g‘allaga o‘roq tushdi. Endilikda yuksak tashkilotchilik va uyushqoqlik namunasini ko‘rsatib, mavsumni tez va soz yakunlash maqsad qilingan.
Tumanda 2026 yil hosili uchun 165ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5 ming 237 gektar maydonga hududning tuproq va iqlim sharoitiga mos bo‘lgan yuqori hosilli g‘alla navlari ekilib, agrotexnik talablar asosida parvarish qilindi va mo‘l hosil to‘plandi.
Har yilgi ezgu an’anaga muvofiq, g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumi boshlanishi arafasida tumanning muqaddas qadamjolaridan biri bo‘lgan Qorayozbobo ziyoratgohida ehson tadbiri tashkil etildi. Unda tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayev boshchiligidagi tuman rahbariyati, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, nuroniylar va diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman rahbari el-yurt dasturxonining to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha g‘allakorlar, klasterlar, servis va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar jamoalarini mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib, o‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etishga chaqirdi. Shu bilan birga, hosilni nes-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ishtirib olish bo‘yicha soha mutasaddilari oldiga yana bir bor aniq vazifalar qo‘yildi.
Marosimda Qur’oni karim tilovat qilindi. Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi, dehqon va fermerlar mehnatining barakali bo‘lishi, g‘alla hosilining mo‘l kelishi hamda o‘rim mavsumining xayrli va fayzli o‘tishi tilab duolar o‘qildi.
Shu kuni tadbir ishtirokchilari "Qorayozbobo" fermer xo‘jaligida yetishtirilgan bug‘doy hosili bilan ham bilan tanishdilar. Ayni dala maydonlarida pok niyat va ezgu niyatlar bilan g‘allaga o‘roq tushdi.









