An’anaviy “Wunderkind English Test” loyihasida 13 mingdan ziyod maktab o‘quvchilari bilimlarini sinovdan o‘tkazdi
2026-05-05 22:10:00 / Новости

O‘zbekiston tumani hokimligi, "Wunderkind" o'quv markazi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida “Wunderkind English Test-2026” bilimlar sinovi o‘tkazildi.
Tumandagi maktab o‘quvchilari o‘rtasida xorijiy tillar, xususan ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning bilim va salohiyatini aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan loyihaning joriy yilgi mavsumi ham yuqori saviyada tashkillandi.
Loyihaning dastlabki-maktab bosqichi umumta’lim maktablarida o‘tkazilib, unda "Wunderkind" o'quv markazi mutaxassislari tomonidan o‘quvchilardan sinflar kesimida test sinovlari olindi. Mazkur bosqichda 13 ming nafardan ortiq o‘quvchi ishtirok etdi.
Ikkinchi-saralash bosqichida esa birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra yuqori natijalarni qayd etgan 1 ming 100 nafardan ziyod o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Bilimlar bahsining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimida tuman hokimining o‘rinbosari Muslimbek Ahmedov, hamkor muassasalar, ustoz-murabbiylar, yoshlar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida g‘olib ishtirokchilarga qimmatbaho sovg‘alar, o‘quv markazida bepul va chegirmali ta’lim olish imkoniyatlarini taqdim etuvchi vaucherlar hamda maxsus sertifikatlar topshirildi.









