O‘quvchi yoshlar uchun harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi
2025-12-23 16:25:00 / Новости

O‘zbekiston Respublikasi DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli O‘zbekiston tumanidagi harbiy qismda o‘quvchi yoshlar uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi.
Tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi, harbiy qism va hamkor muassasalar tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini namoyish etish maqsadiga qaratilib, unda harbiy qism zobit va askarlari, tumandagi bir qator umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Harbiy qismga tashrif buyurgan yoshlar va ularning ustozlariga mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berildi. Bu islohotlar Vatanimiz tinchligi, yurtimiz osoyishtaligi va yosh avlod baxtu kamoloti uchun xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘quvchi-yoshlar harbiy qismda askarlarning yashash sharoitlari, harbiy tayyorgarlik borasidagi o‘quv mashg‘ulotlari jarayonlari bilan tanishdi.
Harbiy qism askarlarining harbiy texnika va jangovar qurollardan foydalanish borasidagi ko‘rgazmalari, yoshlar bilan o‘tkazgan muloqot va suhbatlari yoshlarning harbiy burchga bo‘lgan qiziqishini, ona Vatanga muhabbat va sadoqatini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.






